Ayni paytda "O`zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali ijrosini ta`minlash” mavzusiga bag`ishlangan matbuot anjumani bulib o`tyapti. Unda ma`lum qilinishicha:
Qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Prezident hujjatlari tahliliga e`tibor qaratsak, 2010 – 2016 yyillarda yiliga o`rtacha 121 ta hujjat, 2017 – 2020 yyillarda yiliga o`rtacha 456 ta hujjat qabul qilingan.
Oxirgi 4 yillikda hujjatlar soni o`rtacha 3,7 baravariga oshgan.
Hozirda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining nazoratga olingan 38,7 mingta topshiriqlari mavjud. Shunga mutanosib tizim shakllantirilib, davlat organlarining(62tadan) soni 36 taga (55%) oshirilgan. Hozirda ularning soni 98 tanitashkil etadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlarining ijrosini tashkil etishga ko`maklashish uchun har bir tuman (shahar)larda 4 ta sektor faoliyati yo`lga qo`yildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlarini bajarish uchun zarur sharoit va institusional salohiyat yaratildi.
Adliya vazirligi tomonidan ijro masalasida butunlay yangi tizim ishlab chiqiladi. Jumladan, to`rt bosqichdan iborat “Samarali ijro tizimi” (Policy implementation) joriy qilish taklif qilinmoqda.
Birinchi bosqichda, ijroni loyiha davrida rejalashtiriladi.
Bunda, hujjat loyihalari “Loyihada – amalda” tamoyili asosida real imkoniyatlar va bajarilmaslik xavfi chuqur tahlil qilinadi, xususan:
vazifalarning ko`lami, muddati va murakkabliligi tashkilotlarning imkoniyatlariga mosligi;
zarur moliyaviy resurslar miqdori va kafotlatlangan manbalar mavjudligi;
iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilmaning tayyorligi.
Xalqaro tajribada, masalan AQShda, Buyuk Britaniyada va boshqa bir qator rivojlangan davlatlarda har bir topshiriqning maqsadi, xavf-xatarlari, baholash mezoni, kutilayotgan natijasi belgilanadi. Huddi shunday talab xalqaro standart tashkiloti tomonidan qabul qilingan “ISO 9001” xalqaro standartida nazarda tutilgan.
Ikkinchi bosqichda, Adliya vazirligi va uning hududiy bo`linmalari tomonidan topshiriqlar ijrosi tashkil etiladi va bu jarayonga ko`maklashiladi.
Xususan, topshiriqlarning mazmun-mohiyati “paket” tamoyili asosida etkaziladi, islohotlarga qaratilgan topshiriqlar bo`yicha infografika, slayd, tahliliy materiallar va videodarslar tayyorlab beriladi.
Ijroga ko`maklashishga adliya idoralarining barcha resurslari safarbar etiladi.
Bundan tashqari, hokimlar va rahbar lavozimiga tayinlanganlar ijro masalalari bo`yicha haftalik yangi dastur asosida o`qitiladi(Davlat boshqaruvi akademiyasi).
Har bir qabul qilingan hujjatlarning mohiyati davlat organlariga, shuningdek, “mahallabay” tamoyili asosida aholiga etkaziladi.
Alohida Adliya vazirligining o`rta va quyi bo`g`inlari nima bilan shug`ullanishi to`g`risida ma`lumot bermoqchiman.
Jumladan, tuman miqyosida ijrosi ta`minlanishi lozim bo`lgan topshiriqlar tegishlicha adliya bo`limlari tomonidan etkaziladi hamda ularning ijrosiga uslubiy huquqiy maslahatlar beradi.
Shuningdek, hududiy adliya organlari viloyat miqyosidagi topshiriqlar bo`yicha tushuntirish beradi, davlat organlariga ijro bilan bog`liq masalalarning amaliyotda qo`llanilishiga ko`maklashadi.
Bu degani, adliya bo`limlari asosiy ijrochi bo`ladi deganemas, balki adliya bo`limlari huquqiy yo`naltiruvchi vazifasini bajaradi.
Bundan tashqari, viloyat adliya boshqarmasi viloyat hamda tuman (shahar) miqyosidagi sohaviy o`rganishlarda ishtirok etadi.
Uchinchi bosqichda topshiriqlarning baholash tizimi joriy etiladi.
Birinchi bor, davlat Rahbari topshiriqlarining ijrosi samaradorligi hamda aniq amaliy natijalarga erishilishi kompleks baholab boriladi, xususan:
topshiriqlar ijrosi bo`yicha kiritilgan axborotlar parlament, xalq deputatlari Kengashlari, Vazirlar Mahkamasi Rayosati yig`ilishlarida muhokama qilinadi;
topshiriqlarning bajarilganligi yuzasidan jamoatchilik monitoringi va jamoatchilik eshituvlari institutlari kiritiladi.
Ushbu jarayonlar “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o`rganish markazi, “Yuksalish” umummilliy harakati va “Taraqqiyot strategiyasi” markazining imkoniyatlaridan foydalaniladi.
Bundan tashqari, topshiriqlarni yuzaki bajarilishiga yo`l qo`ymaslik maqsadida ular ijrosi sohalar kesimida joyiga chiqqan holda o`rganiladi.
Har bir fuqaro islohotlarni amalda his etishini ta`minlash maqsadida qayta aloqa (feedback) tizimi yo`lga qo`yiladi:
joylarda topshiriqlarni ijrosi holati bo`yicha xabar beruvchi mobil ilova dasturi yaratiladi;
kelib tushgan xabarlar atroflicha tahlil qilinadi va zarur hollarda topshiriqlar ijrosi joyiga chiqqan holda o`rganiladi.
To`rtinchi bosqichda topshiriqlar ijrosi bevosita nazorat qilinadi.
Ta`kidlash joizki, mazkur bosqich oxirgi bosqich sifatida qaraladi. Boshqacha aytganda agar barcha topshiriqlarni o`z vaqtida va sifatli bajarsa, nazoratga ehtiyoj qolmaydi.
Yangi nazorat tizimi quyidagilardan iborat bo`ladi, jumladan:
Mavjud shtatlar doirasida Adliya vazirligida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi hamda uning hududiy bo`limlari tashkil etiladi;
Adliya vazirligiga topshiriqlarni nazorat qiluvchi elektron – “Ijro.gov.uz” tizimi o`tkaziladi. Mazkur tizim takomillashtirilib, yangi versiyasi ishlab chiqiladi, topshiriqlar “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritiladi va mas`ul ijrochilar belgilanadi;
ijroni ta`minlash choralarini ko`rish bo`yicha ularga ogohnoma va ko`rsatmalar kiritiladi, aybdor mansabdor shaxslar ma`muriy javobgarlikka tortiladilar;
topshiriqlarning joriy ijro holati doimiy monitoring qilinadi.
Bundan tashqari, birinchi navbatda, adliya vaziri o`rinbosarlariga barcha respublika idoralari va viloyatlar nomma-nom biriktiriladi.
Rahbarlar bilan birga, o`rta va quyi bo`g`in xodimlarini har bir yangi qaror bo`yicha bir hafta ichida o`qitish yo`lga qo`yiladi.
Shuningdek, televidenie va radiolarda ijro masalalari bo`yicha har 15 kunda soha va hududlar kesimida “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda” rukni ostidagi rubrikalar yo`lga qo`yiladi. Tanqidiy muhokamalar bilan birga, qarorlar ijrosi bo`yicha ijobiy tajribalar ham keng yoritiladi.
Har bir tuman kesimida hamkorlikni yo`lga qo`yish bo`yicha oylik ish rejalari tasdiqlanadi.
Har bir qabul qilingan yangi qaror eng avvalo hududiy adliya idorasiga kelib tushishi, bu borada qaysi rahbar nima ish qilishi kerakligi, ishni qanday tashkil etish zarurligi batafsil ko`rsatiladi va hokimlarga ijro uchun kiritiladi.
Shuningdek, har oyda joylarga chiqib, qarorlar ijrosi yuzasidan manzilli va sohaviy o`rganishlar o`tkaziladi.
Asosiy e`tibor qarorlar ijrosini tashkil etishdagi tizimli muammolarni aniqlab, ularning echimlari bo`yicha aniq takliflarni ishlab chiqiladi va hal qilishga ko`maklashiladi.
Ushbu maqsadda hududlarda aholini qiynab kelayotgan eng dolzarb muammolardan boshlash zarur.
Shu o`rinda eng namunali davlat idorasi va uning hududiy bo`linmasi, yoki har bir viloyatda bittadan tuman va shahar tanlanib, namunali idora (hudud)ni yo`lga qo`yish bo`yicha ishlar amalga oshiriladi, ularning ijobiy tajribasi boshqa organlarga tatbiq etiladi. Shu maqsadda Energetika vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi va Qashqadaryo viloyatida o`rganishlar o`tkaziladi.
Qarorlar ijrosini nazorat qilishning eng samarali vositasi bo`lgan jamoatchilik ishtiroki va nazoratini keng yo`lga qo`yish kerak bo`ladi.
Bu borada fuqarolik jamiyati institutlari, OAV va bevosita fuqarolar ishtirokida jamoatchilik monitoringi va eshituvlaridan foydalaniladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident qarorlari mamlakatning barcha hududlarida o`z vaqtida, aniq va sifatli ijro etilishi shart. Bunga amal qilmaydiganlarga nisbatan esa javobgarlik va boshqa ta`sir choralari qo`llanilishi muqarrardir. Shuning uchun, barcha davlat idoralari qarorlar ijrosi bo`yicha mas`uliyatni kerak bo`lsa, ikki karra oshirishlari kerak bo`ladi.






