Xabaringiz bor, 2015 yilning 23 dekabr kuni davlatimiz rahbari “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o`tab bo`lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo`shatish to`g`risida” qarorni imzolagandi.
Bugun ana shu qaror ijrosini ta`minlash maqsadida Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi yig`in punkti tomonidan muddatli harbiy xizmatga otlanayotgan yoshlarning dastlabki guruhini tantanali kuzatish marosimi bo`lib o`tdi.
Marosimda muddatli harbiy xizmatga yo`l olgan chaqiriluvchilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.
- Anchadan beri orzu qilib kutilgan damlar keldi, - 19 yoshli muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchi Mohirjon Rustamov. - Men mamlakatimiz Qurolli Kuchlari safiga qabul qilinganimdan xursandman. Maqsadim harbiy xizmat davrida ham yurtboshimiz va xalqimiz oldida bor sadoqatimizni ko`rsatib, yurtimizga foydasi tegadigan inson bo`lish. Shuningdek, harbiy xizmatni o`taganlar uchun oliy o`quv yurti talabasi bo`lish uchun berilgan imtiyozlardan foydalanish uchun sidqidildan xizmat qilaman.
- O`g`lim bir yarim yildan beri shu maqsad sari tayyorlanib kelyapti, - deydi Mohirjonning quvonch yoshlarini yashirolmagan onasi Muyassar Akromova. - Mana, o`g`lim maqsadiga etdi. O`g`limga yurtimiz sarhadlarini himoya qilish, qo`riqlash kabi yuksak ishonch bildirilganidan boshim osmonda. O`g`limni harbiy kiyimida ko`rib turganimdan men ham xursandman.
Kuzatuv marosimida kuy-qo`shiqlar yangradi. Muddatli harbiy xizmatga yo`l olgan chaqiriluvchilarga esdalik sovg`alari topshirildi.





