Bugun AOKAda "O`zsuvta`minot" AJ boshqaruvi raisi o`rinbosari Xurshid Rahmatullaev ishtirokida brifing o`tkazildi. Unda hududlarda aholini ichimlik suvi bilan ta`minlash bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma`lumot berildi.
Unga ko`ra, 2021 yil yanvar oyi boshida ochilgan @uzsuv_chat guruhiga respublika bo`yicha kuniga 500 ga yaqin murojaatlar kelib tushmoqda.
“Telegram”dagi “suvmuammobot” va “uzst_bot” botlari orqali o`tgan 3 oyda 300 ga yaqin murojaat hal etilgan.
Ilk marta respublika bo`yicha “1255” yagona qisqa raqami ishga tushirilgan va bu raqamga kuniga 1000 ga yaqin murojaatlar kelib tushyapti va ular o`rganilib, ijobiy hal qilinmoqda.
Aholi bilan to`g`ridan-to`g`ri muloqotni yo`lga qo`yish uchun “Telegram” ijtimoiy tarmog`ida 24 soat “onlayn” bo`ladigan dispetcherlik guruhi yo`lga qo`yilgan. Tez kunlarda avariyalarni bartaraf etishda operativ munosabatni oshirish maqsadida “Suvni asra” mobil ilovasi ishga tushiriladi. Afzalligi – avariya aks etgan nuqtani rasmga olib mobil ilova orqali jo`natiladi va GPS tizimlari orqali o`sha nuqtaga avariya brigadasi etib boradi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilingan “Kimda gaz, svet, suvda muammo bor?” nomli post ostidagi infratuzilmaviy masalalar bo`yicha minglab izohlar orqali qoldirilgan bo`lsa, shundan ichimlik suvi va kanalizasiyaga oid jami 150 ta murojaat va muammolar tizimli ravishda o`rganib chiqildi hamda ularning 135 tasi yoki 90 foizi ijobiy hal etildi.
Izohlarda qoldirilgan suv yo`qligi xususidagi muammolarning bir qismi elektr energiyasidagi uzilishlar bilan bog`liqligi ham aniqlandi. Ma`lumki, ichimlik suvi haydash nasoslari elektr toki orqali ishlaydi va elektr energiyasida ko`p uzilishlar yuzaga kelgayotgani uchun ichimlik suvida ham to`xtalishlar bo`lmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarga kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati olis qishloqlar aholisidan bo`lib ular markazlashmagan ichimlik suvi bilan ta`minlanmaganliklarini bildirishmoqda. Ushbu olis qishloqlarning aholisiga suv ta`minoti mas`uliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan mahalliy xokimliklar bilan birgalikda tasdiqlangan jadval asosida jami 1721 ta maxsus texnikalar orqali ichimlik suvini etkazib berish yo`lga qo`yilgan va bu ishlar “O`zsuvta`minoti” AJning doimiy nazoratida.






