Avval xabar berganimizdek, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Abduqodir Toshqulov vazirlik markaziy apparati barcha xodimlarining to`liq tarkibdagi ishtirokida kengaytirilgan yig`ilish o`tkazdi. Unda vazirlik faoliyatini samarali tashkil qilish bo`yicha muhim vazifalar jamoa ishtirokida batafsil muhokama qilindi.
Yig`ilishda ta`lim muassasalari bilan ishlash prinsiplarida ham qayta ko`rib chiqiladigan jihatlar mavjud ekanligiga yig`ilish ishtirokchilarining alohida e`tibori qaratildi. Vazirlik oldida ta`lim sifatini ta`minlashdek o`ta mas`uliyatli vazifa turibdiki, bu vazifani oliy ta`lim muassasalari bilan ishchanlik va o`zaro ishonch ruhidagi munosabatlarni yo`lga qo`yibgina amalga oshirish mumkinligi qayd etildi.
- Oliy ta`lim muassasasida mavjud bo`lgan muammoni kimga aytishini bilmay yurgan rahbarlarning dardini birinchi navbatda vazirlik, biz tinglashimiz va uni hal qilib berish choralarini ko`rishimiz kerak. Oldin tizimdagi rahbarlar, professor-o`qituvchilar va xodimlar uchun etarli shart-sharoit yaratishimiz, undan keyingina ular oldiga vazifalarni qo`ysak, to`g`ri bo`ladi, - degan Abduqodir Toshqulov.






