AsosiyJinoyat

Sirdaryoda «Jihodchilar» guruhi a`zolari qo`lga olindi

'Sirdaryoda «Jihodchilar» guruhi a`zolari qo`lga olindi'ning rasmi

Shu yilning 21 yanvar kuni Sirdaryo viloyati bo`yicha DXX Boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbir jarayonida, Sirdaryo viloyatida “jihodchilar” ekstremistik oqimining yashirin guruhi faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Mazkur guruhning 2 nafar etakchisi Rossiya Federasiyasida mavsumiy ishlashi davomida radikal guruhlar ta`siriga tushib, yashash joyiga qaytib kelganlaridan so`ng aholi orasida o`zlarining buzg`unchi g`oyalarini targ`ib qilish va Internetning ijtimoiy tarmoqlari orqali xalqaro terrorchilik tashkilotlarning g`oyaviy rahnamolarining ma`ruzalarini tarqatish bilan shug`ullanishgan. Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining qarori asosida ta`qiqlangan ekstremistik va terrorchilik guruhlarga aloqador shaxslarning maqola va ma`ruzalarini internet tarmog`idan yuklab olib, ularni saqlash va atrofdagilarga tarqatish, shuningdek, Suriya Arab Respublikasida davom etayotgan qurolli to`qnashuvlarda ishtirok etuvchi terrorchilik guruhlarni moliyalashtirish bilan shug`ullangan.

Ushbu jinoiy guruh rahbarlari 2020 yilda Sardoba suv ombori bilan bog`liq suv toshqini oqibatida talafot ko`rgan masjidlarning qayta qurilishiga moddiy ko`mak yig`ishni aytib, “Telegram” mobil messenjerida xayriya guruhini ochib, muqaddas qadamjoning qayta qurilishiga o`z hissasini qo`shmoqchi bo`lgan mo`min musulmonlarni aldab, ular tomonidan bank plastik kartasiga tushirilgan mablag`larni Suriyaga jo`natish bilan shug`ullanganlar.

Shu o`rinda, qo`lga olinganlardan ba`zilari karantin cheklovlari bekor qilingach, Suriyaga chiqib ketishni rejalashtirish maqsadida ushbu mamlakat hududidagi maslakdoshlari bilan aloqada bo`lib kelganlar.

DXX Sirdaryo viloyati bo`yicha Boshqarmasi tomonidan ko`rilgan choralar natijasida, ushbu ekstremistik guruhning aholiga salbiy ta`siri va yoshlarni buzg`unchi yo`llarga boshlashining oldi olinib, viloyat IIB bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ekstremistlarning barcha a`zolari qo`lga olinib, yashash manzillarida o`tkazilgan tintuv tergov harakatlari davomida, ularning jinoiy faoliyatini fosh etuvchi daliliy ashyolar olindi.

Hozirda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida tergov-surishtiruv ishlar davom ettirilmoqda. 

 

    Boshqa yangiliklar