AQSh prezidenti Jo Bayden chorshanba kuni o`zidan avvalgi prezident Donald Trampning Jahon sog`liqni saqlash tashkilotidan (JSST) chiqish to`g`risidagi qarorini bekor qiladigan farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda G`arb matbuotiga tayanib INTERFAX.RU.
AQShni JSSTga qaytarish to`g`risidagi qaror Bayden lavozimiga kirishganida qabul qilgan ilk qarorlardan biri bo`ldi. Agar Bayden bunday qadamni qo`ymagan va JSSTdan chiqish tartibini to`xtatmagan taqdirda, Qo`shma Shtatlar 2021 yil 6 iyulda tashkilotni rasman tark etardi.
Inaugurasiya oldidan e`lon qilingan Bayden jamoasining bayonotida aytilishicha, Qo`shma Shtatlar bu hafta Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Ijroiya qo`mitasi ishida Amerika yuqumli kasalliklar bo`yicha etakchi mutaxassis doktor Entoni Fausi boshchiligidagi Amerika delegasiyasi bilan ishtirok etadi. Bundan tashqari, bayonotda Bayden ma`muriyati Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti va AQShning boshqa sheriklari bilan JSSTni isloh qilish, mustahkamlash va tashkilotning sog`liqni saqlash bo`yicha harakatlarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha ish olib borishi aytilgan.
AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp ma`muriyati bir necha bor JSST COVID-19 koronavirusi tarqalishi to`g`risidagi ma`lumotlarni yashirishda ishtirok etgan deb da`vo qilgan edi. Shu munosabat bilan, aprel oyining o`rtalarida Tramp tashkilotning COVID-19 koronavirus epidemiyasiga qarshi muvaffaqiyasiz munosabati bo`yicha tekshiruv o`tkazilguniga qadar AQShning JSST ishidagi ishtirokini vaqtincha to`xtatishga qaror qildi. Iyul oyida Qo`shma Shtatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Antonio Guterreshga JSSTdan chiqish to`g`risida xabar berdi. Qaror 2021 yil 6 iyulda kuchga kirishi kerak edi.