Avvalroq, Samarqand tumani “Radjabamin” mahallasida yong`in sodir bo`lgani haqida xabar qilgan edik. Voqea yuzasidan Samarqand viloyat prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.
2021 yil 18 yanvar kuni soat 20:08 larda Samarqand tumani “Radjabamin” mahallasida joylashgan fuqaro O.N.ning 3 oy oldin ko`chib kirgan yashash uyida yong`in sodir bo`lgan. Natijada uyning 50 kv.m. maydoni, darvozaxonada turgan 2021 yilda ishlab chiqilgan davlat raqamsiz “Damas” rusumli avtotransport vositasi hamda erto`lada mavjud bo`lgan 20 dona maishiy gaz baloni yorilib yaroqsiz holga kelgan.
Dastlab voqea joyi tuman FVB tomonidan ko`zdan kechirilgan bo`lib, ko`zdan kechirish davomida yaroqsiz xolga kelgan 20 ta gaz ballonlar aniqlangan.
Yong`in sodir bo`lgandan so`ng voqea joyi tumani IIB TB tomonidan qo`shimcha ko`zdan kechirish davomida uyda yaroqsiz xolga kelgan 20 ta gaz ballonlardan tashqari yana 23 dona gaz ballonlar borligi, shuningdek, O.N.ning yashash xonadonning orqa qismidan er osti quvuri orqali tabiiy gaz tarmog`iga noqonuniy ulanganligi va ushbu tarmoqqa gaz tortish uskunasi (nasos) o`rnatilganligi aniqlangan.
Fuqaro O.N. o`z ko`rsatuvida xususiy korxona bilan tuzilgan kelishuvga asosan o`zining avtomashinasida korxonaga tegishli gaz ballonlarga maishiy gaz to`ldirib, etkazish bilan shug`ullanishini, voqea sodir bo`lgan kuni yashash uyida elektr simiga lampochka patronini o`rnatayotgan vaqtda chaqnash sodir bo`lib yong`in kelib chiqqanligini, shundan so`ng uyda bo`lgan gaz ballonlardan bir nechtasi portlab ketganligini bayon qilgan.
Olingan ashyoviy dalillar bo`yicha X.Sulaymonova nomidagi O`zbekiston Respublikasi Ekspertiza Markaziga sudga oid yong`in ekspertizasi tayinlangan.
Yong`in va uning natijasida kelib chiqqan gaz ballon portlashi natijasida jarohatlanganlar mavjud emas.
Holat yuzasidan Samarqand tuman IIB TB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






