AOKAda o`tkazilgan brifingda ishtirok etgan Xalq ta`limi vazirining birinchi o`rinbosari Usmon Sharifxo`jaev ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan maktab darsliklaridagi xatoliklar haqida xabarlarga o`z munosabatini bildirdi.
«Darsliklar — ijara asosida beriladi. Ya`ni, bir marta chop etilgan darsliklardan bir necha davomida foydalaniladi.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda darsliklar bilan bog`liq ko`tarilayotgan masalalar ko`p. O`sha darsliklarni olib, chop etilgan sanasiga qaraydigan bo`lsak, u 2017 yilda, 2018 yillarda chop etilganini ko`rish mumkin.
Bir yilda 600 mingdan ortiq tirajda darsliklar chop etiladi. Xatoga yo`l qo`yilgan bo`lsa, mas`ulga nisbatan chora ko`riladi, biroq to`liq tirajni qayta chop etish imkoni deyarli yo`q. Har yili o`sha darslikka duch kelgan ota-onalar o`sha xatolarni qayta-qayta tarmoqqa qo`ymoqdalar.
Darsliklar bo`yicha katta ishlar boshlangan. Kim bu jarayonlarni o`z ko`zi bilan ko`rishni istasa, Respublika ta`lim markaziga taklif etamiz. Masalan, bu yil yangi milliy o`quv dasturiga mos ravishda, darsliklar to`liq yangilanmoqda», dedi vazir o`rinbosari.






