AsosiyJamiyat

"Angren IESdagi portlashda vafot etganlarning ikki nafari ayol kishi". Toshkent viloyati IIBBda tergov olib borilmoqda

'"Angren IESdagi portlashda vafot etganlarning ikki nafari ayol kishi". Toshkent viloyati IIBBda tergov olib borilmoqda'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, 2021 yil 20 yanvar kuni soat 11-45 larda, Angren shahar Nurobod qo`rg`onida joylashgan «Yangi Angren IES»ning ta`mirlash va profilaktik ishlarini amalga oshirish uchun o`chirilgan 5-sonli energoblogining 12-belgisida tozalash ishlari olib borish jarayonida tozalash anjomlaridan uchqun chiqishi oqibatida ko`p miqdorda to`planib qolgan ko`mir changi chaqnab, yong`in sodir bo`lgan.

Toshkent viloyati IIBB holat yuzasidan tergov harakatlari Toshkent viloyati IIBBga o`tkazilayotganini ma`lum qildi

Ma`lum qilinishicha, yong`in oqibatida energoblokning 45-belgisida «Vostok energoteploizolyasiya» MChJning xodimlari: 1968 yilda tug`ilgan T.M.E. (ayol), 1981 yilda tug`ilgan R.N.K. (ayol) va 1990 yilda tug`ilgan Q.A.A. (erkak) 100 foiz kuyishi natijasida voqea joyida vafot etgan.

Bundan tashqari, jamiyat bilan tuzilgan pudrat shartnomasi asosida xizmat ko`rsatayotgan, «Veko» MChJning uch nafar xodimlari 2-3 darajali kuyish tan jarohati olishi natijasida, Ohangaron tuman Markaziy kasalxonasiga murojaat qilgan.

Holat yuzasidan shu kuning o`zida Angren shahar prokuraturasi tomonidan O`zbekiston respublikasi JKning 257-moddasi 2-qismi «a,b» bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan edi.

Prokuratura ish yurituvida bo`lgan mazkur jinoyat ishi, keyingi tergov harakatlarini olib borish uchun, Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasiga topshirildi va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

"Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda mazkur holat bilan «hech bir davlat organi shug`ullanmayotgani va e`tibor qaratilmayotgani» kabi turli talqin qilingan video, xabar va postlar tarqatilmoqda.

Shu o`rinda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, jurnalist va blogerlardan tarqatilayotgan axborot yoki xabarlarga xolis yondashgan holda, har tomonlama o`rganib, to`g`ri talqin qilishlarini so`raymiz.

Holat hodisa sodir bo`lgan vaqtdan boshlab, Respublika idoralari va viloyat Prokuraturasi, viloyat IIBB va boshqa hamkorlikdagi tashkilotlar nazoratiga olinganini ma`lum qilamiz. Har qanday holat va vaziyat yuzasidan qonun ustuvorligi ta`minlanadi", - deya qo`shimcha qilingan rasmiy xabarda. 

    Boshqa yangiliklar