AsosiyJamiyat

“Sho`rtan gaz kimyo majmuasi” Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining bir guruh iqtidorli talabalari uchun stipendiya e`lon qildi

'“Sho`rtan gaz kimyo majmuasi” Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining bir guruh iqtidorli talabalari uchun stipendiya e`lon qildi'ning rasmi

2021 yilning 20 yanvar kuni “Sho`rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ Bosh direktori Shuhrat Aslanov boshchiligidagi rahbariyat Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutiga tashrif buyurdi. Bu haqda “O`zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati xabar berdi.

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o`quv dasturiga asosan, sohaga tegishli mutaxassislik yo`nalishlarida tahsil olayotgan talabalarga o`quv yili davomida majmuaning etakchi mutaxassislari tomonidan o`quv mashg`ulotlari olib borilishi yo`lga qo`yiladi. Olib borilgan ishlar natijasiga ko`ra, mutaxassislik yo`nalishlarining 4-bosqichida tahsil olayotgan bir qator iqtidorli talabalar tanlab olinadi va “Sho`rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ tomonidan ta`sis etilgan stipendiyalar bilan rag`batlantirib boriladi.

“O`zim ham mana shu oliygohning sobiq talabalaridanman. Hozir davramizda bir paytlar menga ta`lim bergan ustozlar ham bor, fursatdan foydalanib, ularga rahmat aytmoqchiman. Sababi, bugungi darajaga etishimda ularning xizmati katta. O`qiydigan, o`z ustida ishlashni biladigan talaba ertaga yaxshi xodim bo`ladi. Yaxshi xodimga bo`lgan talab doimo yuqori”, – deydi Sh.Aslanov.

Tashrif davomida majmua tomonidan ta`sis etilgan stipendiyaga da`vogar talabalar bilan imtihon jarayonlari bo`lib o`tdi. Unda 200 nafardan ortiq talaba ishtirok etdi va yaxshi natijaga erishgan talabalar 2-bosqichga yo`llanmani qo`lga kiritadilar. Bu bosqichda talabalarning o`z sohasi bo`yicha bilim darajasini aniqlash suhbat asosida amalga oshiriladi.

Eslatib o`tamiz, “O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev buyrug`iga asosan ham I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filiali talabalari uchun “Boshqaruv raisining stipendiyasi” joriy etilgan edi.

2020 yilda Oliy ta`lim muassasalarining 26 nafar iqtidorli talabalariga “O`zbekneftgaz” AJ stipendiyasi tayinlangan edi.

Stipendiya O`zbekiston Respublikasida o`rnatilgan mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori (MHEKM)ning 1 barobarida belgilangan bo`lib, uchinchi kursdan boshlab, boshqa stipendiyalarni olishidan qat`i nazar, so`nggi ikki sessiyani a`lo baholarga topshirgan talabalarga to`lanadi.

 

Boshqa yangiliklar