Bu haqda deputat Rasul Kusherbaev o`zining telegram kanalida yozmoqda.
"Andijonda er sotish bilan bog`liq qonunbuzilishlar va korrupsion vaziyat haqida materiallar berib borayotgan jurnalist Xurshid Dalievga bosimlar uyushtirilmoqda ekan. Kamiga bu xabarlar bo`yicha mas`ul idora va tashkilotlar hech qanday chora ko`rishmayapti. Ularning jimligi demak ular ham sherik, degan haqli xulosaga olib borayapti. Korrupsiya haqida axborot bergan shaxslarni mukofotlash haqida gapirib turgan bir vaqtda dastavval bunday insonlarning faoliyatini kafolatlab qo`yish bundan dolzarbroq ko`rinadi. Umid qilamizki, mas`ul idoralar jimlik, karlik, ko`rlik qolipidan chiqib tez orada bu bo`yicha ish ko`rishni boshlashadi" deb yozgan deputat.
Jurnalistning o`zi ham vaziyatga to`xtalib o`tgan.
"E`lon qilingan materiallar bo`yicha hali tayinli javob olmadik va qonunchilik bo`yicha hech qanday chora ko`rilgani yo`q. Aksincha, menga turli xil bosimlar bo`lmoqda.
Avvalo Prezident administrasiyasidan, DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentdan mazkur masalalarga respublika darajasida e`tibor qaratishlarini va ayrim nopok kimsalarni o`z manfaati yo`lida davlatni talon-taroj qilishlariga yo`l qo`ymasliklari uchun vakolati doirasida chora ko`rishlarini so`rab qolaman.
O`zbekiston degan davlatda vijdonli, oqni-oq, qorani qora deydigan, qasamyodiga sodiq o`g`lonlar borligiga umid qilib qolaman" deydi Daliev.






