O`zbekiston Badiiy akademiyasining Ikuo Xirayama nomidagi xalqaro madaniyat karvon saroyida “O`zbek qo`g`irchoqlari” deb nomlangan ko`rgazma ochildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Uning ochilishida yosh avlod ma`naviy olamini bolalikdan ezgu g`oyalar asosida shakllantirish, ularga puxta ta`lim-tarbiya berish, har tomonlama komil insonlar etib voyaga etkazish O`zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biri etib belgilangani ta`kidlandi.
Mutaxassislarning fikricha, o`yinchoq nafaqat bolani ovuntirishga, balki jismoniy va ma`naviy kamolotiga, asab faoliyati, tafakkurining shakllanishiga ham xizmat qiladi. Shu bois o`yinchoqlarning nafisligi, toza mahsulotdan tayyorlanganligi, ma`naviy jihatlariga e`tibor qaratish alohida ahamiyatga ega.
Mazkur ko`rgazmada hunarmand Dilfuza Esonalievaning qirqdan ziyod milliy qo`g`irchoqlari namoyish etilmoqda. Sharq ayollari, ko`za ko`targan qiz, kelin, kuyov, Buxoro qizi, sozanda, laparchi qiz kabi qo`g`irchoqlar avvalo, yuqori sifati, qolaversa, yoshlarni milliy urf-odatlarga, qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
06.02.2016 15:24





