AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 1 fevraldan kimyo va biologiya fanlari bo`yicha sertifikat olish uchun test sinovlari boshlanadi

'O`zbekistonda 1 fevraldan kimyo va biologiya fanlari bo`yicha sertifikat olish uchun test sinovlari boshlanadi'ning rasmi

 Bu haqda Davlat test markazi direktori Majid Karimov O`zA muxbiri bilan suhbatda ma`lum qildi. 

 

 Majid Karimovning ta`kidlashicha,  Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 oktyabrdagi 646-son qarorida 2020 yil 1 dekabrdan boshlab bosqichma-bosqich bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta`lim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etilishi belgilangan.  

Unga ko`ra, umumta`lim fanlari bo`yicha sertifikatlash 2020 yil 1 dekabrdan ona tili va adabiyot (o`zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) va matematika, 2021 yil 1 fevraldan kimyo va biologiya fanlari bo`yicha, 2022-2024 yillarda fizika, geografiya va tarix fanlari bo`yicha joriy etiladi.

O`tgan yil dekabr oyida ona tili va adabiyot (o`zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari bo`yicha talabgorlar onlayn ro`yxatga olingan.

Test sinovi natijasi bo`yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to`plagan shaxslarga 3 yil muddatga sertifikat beriladi. Shuningdek, 2021/2022 o`quv yili qabulidan boshlab, tegishli umumta`lim fanlarini bilish darajasi to`g`risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo`lgan abiturientga sertifikatdagi o`zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta`lim muassasasi bakalavriatiga o`qishga qabul qilish bo`yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan ball beriladi.  

 

    Boshqa yangiliklar