Joriy yilning 26 yanvar kuni G`allaorol tumanining Buloqboshi qishloq fuqarolar yig`inida yashovchi 4 nafar fuqaro hududdagi tog`dan noqonuniy ravishda oltinli rudani qazishga kirishadilar. Mazkur jarayonda ularni tosh bosib qolgan. Oqibatda yigitlarning 2 nafari voqea joyida vafot etdi, ikki nafari esa shifoxonaning jonlantirish bo`limida. Bu haqda Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati ma`lum qildi.
Mazkur fojia munosabati bilan Jizzax viloyati IIBning mas`ullari tomonidan muhokama uyushtirildi.G`allaorol tumanidagi 84-sonli o`rta umumta`lim maktabida o`tkazilgan muhokamada hudud faollari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbirda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`ining o`rinbosari, podpolkovnik Mansur Sattorov amaldagi qonunchilikka asosan foydali qazilmalarni lisenziyasiz qazib olish, xuddi, shuningdek, oltin izlovchilar usulida lisenziyasiz qazish javobgarlikka sabab bo`lishini ta`kidladi.
Muhokamada ta`kidlandiki, 2017 yildan to shu kunga qadar ushbu toqqa chiqib, noqonuniy ravishda tarkibida qimmatbaho oltin zarralari bor bo`lishi mumkin bo`lgan ruda toshlarni talon-taroj qilganlik holati bo`yicha bir necha fuqarolar javobgarlikka tortilgan. Biroq ayrim fuqarolar o`zlarini mazkur noqonuniy xatti-harakatlardan tiya olishmayapti.
Tadbirda bu kabi qonunbuzilish holatlariga chek qo`yish, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, yaratilayotgan bo`sh ish o`rinlari va tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan e`tibor, berilayotgan imkoniyatlardan foydalanish xususida so`z borgan.






