Joriy yil boshidan hozirgi kunga qadar Samarqand viloyati bo`yicha 421 shaxs transport vositasini mast holatda boshqarganligi uchun ma`muriy javobgarlikka tortilgan. Ularning 29 nafariga ma`muriy qamoq, 392 nafariga esa jarima jazosi bilan birga tegishli muddatlarga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazolari tayinlangan. Bu haqda Samarqand viloyat sudi tomonidan yo`l harakati xavfsizligi sohasida qonun ustuvorligini ta`minlash borasida olib borilayotgan ishlarga bag`ishlangan davra suhbatida ma`lumot berildi.
Tadbirdan so`ng jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand shahar sudining sayyor sud majlisi o`tkazilib, transport vositasini mast holatda boshqargan fuqaro A.K.ning huquqbuzarlik ishi ko`rib chiqildi. Sud qarori bilan unga Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 131-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari (5 million 575 ming so`m) miqdorida jarima va 1 yil 6 oy muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi.