Bu yil buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning 580 yilligi nishonlanadi. Navoiyning tavvallud sanasi - 9 fevral arafasida barcha masjidlarda Navoiy haqiga Qur`on xatm qilinib, duo o`qish taklifi bildirildi.
"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov ma`lum qilishicha, Prezident huzurida o`tgan yig`ilishda taniqli adabiyotshunos Shuhrat Rizaev tomonidan ushbu taklif aytilgan.
"Hazratni bobomiz deymiz. Lekin, ul zotning farzandi bo`lmagan. Biz o`g`illik, farzandlik qilib, bu yil masjidlarda ma`naviy padarimizning ruhi pokiga xatmi qur`on o`qilishiga ruxsat bersak...", degan Rizaev.
"Taklif qabul qilindi. O`zbekiston tarixida ilk bor Hazrat Navoiy tug`ilgan sana islomiy an`analarga muvofiq boshlanadi" deb yozadi Qodirov o`zining telegram kanalida.
Ma`lumot uchun, Prezidentning 2020 yil 19 oktyabrdagi qaroriga ko`ra, Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash bo`yicha tashkiliy qo`mita tuzildi va chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Jumladan, Prezidentning “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish to`g`risida”gi qarori loyihasini ishlab chiqish, Alisher Navoiy ordenini ta`sis etish, Hirot shahridagi (Afg`oniston) Alisher Navoiy maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Navoiy qalamiga mansub qo`lyozmalarning faksimile nusxalari mamlakatimizga olib kelish va boshqa qator vazifalar belgilandi.






