ID-karta yoki haydovchilik guvohnomasi yordamida bank xizmatidan foydalanish mumkin. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining “O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga o`zgartirishlar kiritish haqida”gi qarori 2021 yil 26 yanvarda 3285-son bilan davlat ro`yxatidan o`tkazildi.
Hujjatga asosan O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan qabul qilingan 7 ta normativ-huquqiy hujjatga tegishli o`zgartirishlar kiritilib, unda fuqarolar pasporti bilan bir qatorda identifikasiya ID-karta yoki milliy haydovchilik guvohnomasidan foydalangan holda bank xizmatlaridan foydalanishlari mumkinligi belgilandi.
Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 sentyabrdagi “O`zbekiston Respublikasida identifikasiya ID–kartalarini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-6065-sonli Farmoniga asosan 2021 yildan boshlab identifikasiya ID-kartalarini berish tizimi joriy etilgan.
Shu bilan birga, 2017 yil 19 iyundagi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari tizimida davlat xizmatlari ko`rsatish sifatini yanada takomillashtirish va tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 389-sonli qarorining 6-bandiga asosan yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga shaxsni tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomi berilgan.
Normativ-huquqiy hujjatga kiritilgan mazkur o`zgartirishlar bank va mijoz o`rtasida shaxsni tasdiqlovchi hujjat ma`lumotlarini taqdim etish bilan bog`liq tushunmovchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.