Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) bir qancha talablar asosida chet elliklarga fuqarolik olish huquqini beradi. Bu haqda rbc.ru xabar bergan.
Xabarda aytilishicha, fuqarolikka da`vogarlarning arizalari hukumat hamda ijro etuvchi hokimiyatning mahalliy boshqarmalari tomonidan ko`rib chiqiladi. Fuqarolik olish ushun, xususan, investorlar, ixtirochilar, olimlar, shifokorlar, rassomlar va ularning oila a`zolari da`vogarlik qilishi mumkin. Har bitta toifa uchun muayyan talablar belgilangan.
“Biz qonunga tuzatishlar kiritdik, ular BAA fuqaroligini taqdim etish imkonini beradi… Yangi qaror bizning rivojlanishimizga hissa qo`shadigan iste`dodli odamlarni jalb etishga qaratilgan”, – dedi BAA bosh vaziri, shayx Muhammad ibn Rashid Ol Maktum Twitter`da.
Ma`lumotlariga qaraganda, BAA fuqaroligini qo`lga kiritish uchun bir qancha shartlarni bajarish kerak:
• Investorlar BAA hududida ko`chmas mulkka egalik qilishi yoki mamlakat Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ma`qullanadigan bitta yoki bir nechta patentlarni qo`lga kiritishi kerak;
• Shifokorlar, muhandislar va boshqa mutaxassislar noyob yoki BAA uchun o`ta zarur bo`lgan ilmiy sohada ishlashi, shuningdek, mutaxassisligi bo`yicha kamida 10 yillik ish tajribasiga ega bo`lishi kerak;
• Olimlar oliy ta`lim muassasasida, tadqiqot markazida yoki xususiy sektorda faol tadqiqotchilik faoliyati bilan shug`ullanishi kerak. Bundan tashqari, ular kamida 10 yillik tajribaga ega bo`lishi va nufuzli ilmiy mukofotlar sovrindori bo`lishi kerak;
• Ijodiy kasblar vakillari madaniyat va san`at sohasi peshqadamlari bo`lishi, shuningdek, xalqaro mukofotlar sohiblari bo`lishi kerak.
Bloomberg yozishicha, BAA Fors ko`rfazi mamlakatlari orasida birinchi bo`lib chet elliklarga fuqarolik taqdim etishni joriy qildi. Ilgari bu faqat istisnoli holatlardagina mumkin edi. Bu shu bilan bog`liqki, mamlakatlar fuqaroligiga ega bo`lganlarga davlatdan jiddiy imtiyozlar beriladi. Ayni vaqtda, agentlik qayd etishicha, BAA aholisining 80 foizdan ortig`ini boshqa mamlakatlar fuqarolari tashkil etadi.