AsosiyJamiyat

Toshkentda avtomobilni mast holatda boshqargan sobiq deputat, inspektorlarga lavozimini "pesh" qilib, chora ko`rmaslikni talab qildi

'Toshkentda avtomobilni mast holatda boshqargan sobiq deputat, inspektorlarga lavozimini "pesh" qilib, chora ko`rmaslikni talab qildi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro va Toshkent shahar IIBB YHXB yo`l-patrul xizmati inspektorlari orasida yuzaga kelgan kelishmovchilik videosi tarqaldi. 

Toshkent shahar IIBBning ma`lum qilishicha, joriy yil 26 yanvar kuni soat 23.30 da YPX inspektori Yashnobod tumanidagi Mirzo-Ulug`bek va Sultonali Mashxadiy ko`chalari kesishmasida xizmat olib borishi davomida “Captiva” avtomobil (davlat raqami 10 B 878 OA) haydovchisiga to`xtash haqida ishora bergan. Ammo haydovchi ichki ishlar xodimining qonuniy talabini mensimasdan harakatni davom ettirgan. 

Avtomobil tez orada Mirzo-Ulug`bek va Mahtumquli ko`chalari kesishmasida to`xtatilgan. Avtomobilni boshqarib borgan 36 yoshli Toshkent viloyatilik Qobul D. inspektorga transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni taqdim qila olmagan. Haydovchi va yo`lovchi  inspektorlar bilan janjal boshlab, o`z xizmat faoliyati va egallab turgan lavozimlaridan kelib chiqqan holda ularga nisbatan qonuniy chora ko`rmaslikni talab qilishgan.

Muloqot davomida yo`l-patrul xizmati haydovchi spirtli ichimlik ta`siri ostida ekanligidan shubhalanib, uni ekspertizaga borishni taklif qilgan. Haydovchi avval bosh tortib, keyin tekshiruvdan o`tishga rozi bo`ldi. Alkotestor haydovchi tomonidan chiqarilgan nafasda 0,660 mg/l alkogol konsentrasiyasi borligini aniqladi.

Qobul D.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 131 moddasi birinchi qismi (“Transport vositalarini mast holda boshqarish”) bo`yicha ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Yo`lovchi Feruza B.ga nisbatan esa O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 131 moddasi uchinchi qismi (“Alkogolli ichimlikdan, giyovand modda ta`siridan yoki o`zgacha tarzda mast shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish”) bo`yicha ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar