Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tasarrufidagi 300 o`ringa mo`ljallangan Qo`qon “Muruvvat” nogironligi bo`lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi Matbuot xizmati ma`lum qildi.
“Muruvvat” uyida 2000 yildan buyon umuman kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmagan. Shu bois, maskan ancha ta`mirtalab ahvolga kelib qolgandi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyundagi “Tibbiy ijtimoiy muassasalar moddiy texnika bazasini rivojlantirishga doir ko`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga asosan 2020 – 2021 yillarda qurilish rekonstruksiya kilish dasturiga kiritildi.Qurilish va pardozlash jarayonlari hamda qurilish-ta`mirlash ishlarining sifatli bajarilishi yuzasidan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan mutasaddilarga, mutaxassislarga tegishli ko`rsatmalar berildi. Keng jamoatchilik vakillari hamda nuroniylarning duolari bilan boshlangan mazkur ikki qavatli, 80 o`ringa mo`ljallangan binoni bunyod etish uchun 4 milliard 50 million so`m mablag` sarf etildi.
Karovatlar, turfa mebellar, ohorli choyshablar, stol-stullar, shkaflar, oshxona jihozlari, muzlatgichlar, kir yuvish mashinasi, sport anjomlari, sovutish-isitish uskunalari o`rnatildi. Vasiylikka olinganlarning sog`ligini muntazam tekshirib borish maqsadida fizioterapiya asbob-uskunalari, ultratovush apparati, oyoq uchun massajyor, yugurish yo`lakchasi, idish tovoqlar tarelka, choynak, piyola, qoshiq, idish-tovoq va boshqa oshxona jihozlari harid qilindi. Maskanda yashayotgan insonlarning qiziqishlariga muvofiq turli sport to`garaklari tashkil etildi. Rassomchilik, milliy cholg`ular bo`yicha shug`ullanish uchun sharoitlar yaratildi.
Maskandagi reabilitasiya bo`limi binosiga yana qo`shimcha 20 o`rinli inshoot qurilib, jami 53 o`ringa moslashtirildi. Shuningdek, 120 o`rinli madaniy tadbirlar va yig`ilishlar o`tkazish zali, kirxona binosini qurish ishlari davom etmoqda. Bundan tashqari, joriy yilning oxirigacha “Muruvvat” uyining mavjud 3 qavatli binosini kapital ta`mirlash, yozgi dam olish ayvonchasi qurish, kanalizasiya tarmog`ini to`liq yangilash, zamonaviy isitish qozonxonalari o`rnatish, muassasa hududini asfalt qilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bu erdagi vasiylikka olinganlar bilan suhbatlashsangiz, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar, odamlarning turmush darajasini yuksaltirishga qaratilayotgan loyihalar,nogironligi bo`lgan shaxslarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularga ko`rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yanada takomillashtirish borasida belgilangan vazifalarni o`z vaqtida ijro etilayotgani, mana shunday qurilish, bunyodkorlik ishlari, shahar, qishloqlarning kundan-kunga chiroy ochib, obod bo`layotgani haqida faxr bilan, to`lqinlanib gapirishadi. Ko`pni ko`rgan mo``tabar otaxonlar dorilomon kunlarimizni alqab, o`zlarining samimiy fikrlarini bildirishadi.
Qo`qon “Muruvvat” nogironligi bo`lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida amalga oshirilayotgan bunday bunyodkorlik ishlari, zamon talablari asosida yaratilgan shart-sharoitlar, moddiy-texnika bazasining bosqichma-bosqich mustahkamlash borasida qilinayotgan sa`y-harakatlar mamlakatimizda ijtimoiy himoyatalab kishilar, nogironligi bo`lgan shaxslarga qaratilayotgan e`tiborning amaldagi ifodasidir.
Darhaqiqat, so`nggi yillarda yolg`iz keksalar, pensionerlar va nogironligi bo`lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko`rsatish yo`nalishida aniq va maqsadli qadamlar tashlangan bo`lib, buning natijasida tizim faoliyati birmuncha takomillashtirildi, amalga oshirilgan ishlarning ko`lami sezilarli tarzda ortdi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 dekabrdagi “Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori, 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo`lgan shaxslarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni asosida Agentlik ishchi-xodimlari qator tashkilotlar bilan elkadosh bo`lib, ezgu g`oya, ezgu intilishlar sari birlashib, yakka-yolg`iz, boquvchisini yo`qotgan keksalar, pensionerlar, jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarga tibbiy-ijtimoiy yordamni tashkil etish, manzilli xizmat ko`rsatish borasida ham keng ko`lamli vazifalarni bajarishmoqda.
Shuningdek, hukumatimiz tomonidan qurilish tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e`tibor tufayli tibbiy-ijtimoiy muassasalarda bir yilda amalga oshirilgan qurilish rekonstruksiya ishlarining hajmi 47,6 mlrd. so`mdan 91,9 mlrd. so`mgacha bo`lgan mablag`ni tashkil etmoqda.






