Davlat test markazi Axborot xizmati xabariga ko`ra, 2021 yil 1 fevral kuni Davlat test markazi va uning hududiy bo`limlarida fevral oyida bo`lib o`tadigan chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash test sinovlari uchun talabgorlarning hujjatlarini qabul qilish boshlandi.
Hujjatlarni qabul qilish 5 fevral kuniga qadar (5 fevral kuni ham) davom etadi.
Qabul uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro`yxati:
- pasport (pasport yoshiga etmaganlar tug`ilganlik haqida guvohnoma) va uning nusxasi;
- onlayn arizaning chop etilgan nusxasi;
- to`lov amalga oshirilganlik to`g`risida hujjat nusxasi (kvitansiya).
Hujjatlarni topshirishdan oldin talabgorlar test sinovi uchun ro`yxatdan o`tishlari lozim.
Ro`yxatga olish biometrik pasport yoki ID-kartaga ega bo`lganlar uchun my.dtm.uz sayti orqali, biometrik pasport yoki ID-kartaga ega bo`lmaganlar uchun esa Davlat test markazi va uning hududiy bo`limlarida amalga oshirilmoqda.
Bunda talabgorlar test topshirish hududi sifatida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan birini tanlab, o`zlari tanlagan hududda test sinovlarida ishtirok etishlari mumkin.






