Ayni kunlarda iste`molchilarning xonadonlariga shubhali shaxslarning, avval o`rnatilgan hamda ASKUG tizimini qo`llab-quvvatlamaydigan maishiy gaz hisoblagichlardagi ko`rsatkichlarni "orqaga qaytarish"ni taklif qilib kelayotganligi to`g`risidagi ma`lumotlar "Hududgazta'minot" AJga kela boshladi, deya ma`lum qilmoqda Jamiyat Axborot xizmati.
Shu munosabat bilan, iste`mol qilingan tabiiy gaz to`lovlaridan "tejash" maqsadida, bunday xatti-harakatlarga rozi bo`lgan iste`molchilar o`z qilmishlari noqonuniyligi hamda bu kabi qonunbuzarliklarning salbiy oqibatlari to`g`risida ogoh bo`lishlari lozimligi haqida "Hududgazta'minot" AJ eslatadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli "Elektr energiyasidan va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi qaroriga binoan iste`molchi tabiiy gaz iste`mol qilish priborlari, shu jumladan, o`rnatilgan muhrlarning xavfsizligi va yaxlitligi uchun javobgardir. Bundan tashqari, gaz ta`minoti tashkiloti bilan tuzilgan shartnomada ham gaz hisoblagichlarning ishlashiga tashqi ta`sir ko`rsatgan holda, to`sqinlik qilish ta`qiqlanishi qayd etilgan.
Gaz hisoblagichlarning ishlashiga o`zboshimchalik bilan aralashuvlar aniqlanmay qoladi degan fikr noto`g`ridir. Chunki, bugungi kundagi gazni hisobga olish va uning nazoratini olib borish uchun ishlatilayotgan zamonaviy texnologiyalar orqali hisoblagichlar ishiga hattoki eng kichik tashqi ta`sir izlari ham aniqlanishining imkonini beradi. Bunday holatlar aniqlanganda, gaz ta`minoti tashkilotlari tomonidan, gazdan foydalanish uchun ulangan uskunaning 24 soat davomida maksimal quvvat bilan ishlagandagi iste`mol qiluvchi tabiiy gaz sarfi uchun to`lov miqdori undiriladi.
"Hududgazta'minot" AJ elektr, issiqlik energiyasi va gazdan foydalanish qoidalarini buzgan shaxslar jazo sifatida katta miqdordagi jarima va boshqa sanksiyalar ko`zda tutilgan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 101-moddasi hamda O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 185-2-moddasiga ko`ra, javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida yana bir bor ogohlantiradi.






