AsosiyJamiyat

Yangiyo`lda 1-sinf o`quvchisini o`g`irlamoqchi bo`lgan shaxs qo`lga olindi

'Yangiyo`lda 1-sinf o`quvchisini o`g`irlamoqchi bo`lgan shaxs qo`lga olindi'ning rasmi

Kuni kecha Toshkent viloyatining Yangiyo`l shahrida o`quvchi qizni o`g`irlamoqchi bo`lgan va qochib ketgan notanish shaxs to`g`risida xabar bergan edik. Bugun ushbu noma`lum shaxs Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qo`lga olindi.
Ma`lum qilinishicha, 2021 yil 29 yanvar kuni soat 12:10larda, Yangiyo`l shahar 10-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabi 1-sinf o`quvchisi A.S.ni maktabdan chiqqan vaqtida noma`lum shaxs qo`lidan ushlab, “Yur, seni onang kutib turibdi, men oldiga olib boraman” deb aldab, Yangiyo`l shahar Vokzali tomonga olib ketgan. Vokzal ko`chasida joylashgan kabobxona ishchisi fuqaro Abdulaziz Abidov yosh qizchaning yig`lab qarshilik ko`rsatishiga qaramasdan, qo`lidan etaklab ketayotgan erkak kishiga e`tibor qaratib, ular tomon yugurib borgan. Buni ko`rgan noma`lum shaxs qizchani qoldirib qochib ketgan. 
Fuqaro Abdulaziz Abidov qizaloqni sog`-salomat ta`lim olayotgan maktabiga etkazib, sinf rahbariga topshirgan. Mazkur holat yuzasidan no`malum shaxsga nisbatan Yangiyo`l shahar IIB huzuridagi TB tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 137-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qidiruv e`lon qilingan.
Tezkor chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 4 fevral kuni soat 10-00 larda Milliy gvardiya Qo`riqlash xizmati xodimlari qidiruvdagi shaxsni Oqqo`rg`on tumani markaziy tibbiyot birlashmasiga qarashli oilaviy poliklinika hududida qo`lga olib, Quyichirchiq tumani IIBga topshirgan.
Olib borilgan surishtiruv ishlari mobaynida ushbu shaxs Toshkent viloyati, Oqqo`rg`on tumanida yashovchi, muqaddam O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o`ldirish) 2-qismi, 164-moddasi (Bosqinchilik) 2-qismi bilan sudlangan, 1983 yilda tug`ilgan fuqaro X.T. ekanligi ma`lum bo`lgan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar