AsosiyJamiyat

Din ishlari bo`yicha qo`mita rahbariyati Azon.uz saytida e`lon qilingan maqolalarni o`chirish bo`yicha topshiriq berilmaganini ma`lum qildi

'Din ishlari bo`yicha qo`mita rahbariyati Azon.uz saytida e`lon qilingan maqolalarni o`chirish bo`yicha topshiriq berilmaganini ma`lum qildi'ning rasmi

Azon.uz sayti bosh muharriri Abdulaziz Muborak Din ishlari bo`yicha qo`mita raisining o`rinbosari Dilshod Eshnaev tomonidan tahririyatga bosim va tahdid bo`layotganini va ishdan bo`shashga qaror qilganini ma`lum qilgan edik.

 Bu holat jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo`ldi. Bu holatga AOKA o`z munosabati bildirar ekan, O`zbekistonning yangi ochiqlik va oshkoralik siyosatida davlat idoralari va jurnalistlar o`rtasidagi bahsli masalalar imkon qadar o`zaro kelishuv, agarda buning iloji topilmasa huquqiy me`yorlardagi tartiblar asosida hal etilishi maqsadga muvofiqligini ta`kidladi. 

Din ishlari bo`yicha qo`mita rahbariyati esa Azon.uz saytida e`lon qilingan maqolalarni o`chirish bo`yicha topshiriq berilmaganini ma`lum qildi.

Din ishlari bo`yicha qo`mitasi ko`pchilikka tushunarli bo`lishi uchun dastlab qo`mitaning faoliyati, maqsad va vazifalarini eslatib o`tdi. 

Unga ko`ra,

– vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risidagi qonun hujjatlariga muvofiq din ishlari sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

– O`zbekiston Respublikasining dunyoviy davlat tamoyilini amaliy ro`yobga chiqarish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini himoya qilish;

– diniy mutaassiblik va ekstremizm g`oyalarini tarqatish, turli konfessiyalar o`rtasida adovatni yuzaga keltirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo`l qo`ymaslik choralarini ko`rish;

– jamiyatda diniy-ma`rifiy muhit barqarorligi va e`tiqod erkinligiga tahdid tug`dirishi mumkin bo`lgan omillarni o`rganish, tahlil qilish va ularning oldini olish choralarini ko`rish, shuningdek, ushbu jarayonlarda diniy-ma`rifiy soha vakillarining ishtirokini kengaytirish;

– davlat organlarining diniy tashkilotlar bilan o`zaro aloqasi va hamkorligini muvofiqlashtirish hamda davlat siyosatida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro`yxatdan o`tkazilgan diniy tashkilotlar manfaatlarini aks ettirish;

– aholi orasida konfessiyalararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni mustahkamlash bo`yicha targ`ibot va tashviqot ishlarini olib borish va boshqalar.

Bundan ko`rinib turibdiki, jamiyatda ijtimoiy-ma`naviy muhit barqarorligi va e`tiqod erkinligiga tahdid tug`dirishi mumkin bo`lgan omillarni o`rganish, tahlil qilish va ularning oldini olishga qaratilgan choralarni ko`rish, respublikada chiqariladigan yoki chet ellardan keltiriladigan diniy tusdagi mahsulotlarni (matbuot va elektron nashrlarni, audio, video kassetalarni, SD, DVD va boshqa elektron tashuvchilarni, Internet butunjahon axborot tarmog`ida joylashtirilgan diniy materiallarni) ekspertizadan o`tkazish faoliyatini muvofiqlashtirish Din ishlari bo`yicha qo`mitaning asosiy vazifalaridan hisoblanadi, deyiladi bayonotda.

Shundan kelib chiqib, Din ishlari bo`yicha qo`mita diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatishda diniy-ma`rifiy saytlarga yo`nalish va tavsiya berishi mumkin. Lekin, qaysidir saytdan qandaydir ma`lumotni oldirib tashlash yoki olib tashlashga majbur qilish vakolatiga ega emas.

Shunga ko`ra, “azon.uz” saytida e`lon qilingan muayyan maqolalarni oldirib tashlash bo`yicha Qo`mita rahbariyati tomonidan hech qanday topshiriq bo`lmaganini qat`iy ma`lum qilamiz.

 

    Boshqa yangiliklar