2021 yil 04 fevral Buxoro shahar, I.Karimov ko`chasi yo`l yoqasida joylashgan 9 qavatdan iborat bo`lgan uyning 3-qavatidagi xonadonda gazni sizib chiqishini natijasi portlash yuz bergani haqida xabar bergan edik.
Buxoro viloyat prokuraturasining xabar berishicha, 2021 yil 04 fevral kuni 17:30da Buxoro shahar I.Karimov ko`chasida joylashgan “WHITE GROUP TRADING” MChJ tomonidan qurilgan 9 qavatdan iborat bo`lgan ko`p qavatli uyning 3-qavatida tabiiy gazni ulash jarayonida gazning quvurdan sizib chiqishi natijasida portlash yuzaga kelgan.
Natijada, ko`p qavatli uyda bo`lgan A.Mirzaev, N.Samadov va I.Sotiboldievlar, portlash jarayonida yo`ldan transport vositalarida yo`lovchi sifatida ketayotgan F.Jo`raeva, Sh.O`rinova, N.Roziqova, B.Jo`raev, M.Mahmudova, B.Sobirova, Sh.Idieva, F.Yuldasheva va Sh.Asadovalar turli darajadagi tan jarohatlari olib, RShTYoIM Buxoro filialiga olib kelingan.
A.Mirzaev og`ir, Sh.Asadova engil va qolgan barcha fuqarolar o`rta og`ir tan jarohati olishgan. Hozirda ularga shifokorlar tomonidan tibbiy muolajalar ko`rsatilmoqda.
Etkazilgan tan jarohatlari bo`yicha sudga oid tibbiyot va zarar etkazilganligi bo`yicha sudga oid baholash hamda sudga oid qurilish texnikaviy ekspertizalar tayinlandi.
Holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi TB tomonidan JKning 259-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan bo`lib, natijasi bo`yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi.
Buxoro viloyat prokuraturasi