Kecha, 4 fevral kuni Buxoro shahar, I.Karimov ko`chasi yo`l yoqasida joylashgan 8 qavatdan iborat bo`lgan uyning 3-qavatidagi xonadonda gazni sizib chiqishini natijasi portlash yuz bergani haqida xabar bergan edik.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali “Gorgazda portlash” sarlavhasi ostida videolar tarqtildi. Ushbu holat yuzasidan “Hududgaz Buxoro” gaz ta`minoti filiali matbuot xizmati munosabat bildirib, noto`g`ri ma`lumotlarga aniqlik kiritdi.
“Buxoroshahargaz” gaz ta`minoti bo`limining avvalgi binosi “Sadriddin Ayniy” MFY, Islom Karimov ko`chasida joylashgan edi. Shuning uchun ushbu hudud xalq tilida bugungi kunga qadar “Gorgaz” deb ataladi. Ta`kidlash lozimki, hozirda shahar gaz ta`minoti bo`limi binosi Hofiz Tanish Buxoriy ko`chasi, 12-uyda joylashgan va favqulodda holat bu erda sodir bo`lmagan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma`lumotiga ko`ra, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan mazkur hodisa qurilishi tugallanmagan ko`p qavatli uyning 3-qavatida tabiiy gaz va havo aralashmasi chaqnashi sodir bo`lgan.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta`minoti filialining “Gaz tarmoqlari ob`ektlarini texnik jihatdan tartibga solish” bo`limi ma`lumotiga ko`ra, ushbu ko`p qavatli bino tabiiy gaz tarmog`i tizimi foydalanishga qabul qilinmagan va tabiiy gaz bilan foydalanishga ruxsat berilmagan. Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, gaz tarmog`iga o`zboshimchalik bilan ulanish sodir etilgan.
Ayni damda “Hududgaz Buxoro” gaz ta`minoti filiali boshlig`i O`. Abdiev va boshqa tashkilot mutasaddilari tomonidan o`rganish ishlari olib borilmoqda.
Fursatdan foydalanib, “Hududgaz Buxoro” gaz ta`minoti filiali eslatib o`tadi, gaz tarmoqlariga ulanish gaz ta`minoti tashkilotining ruxsati bilan amalga oshiriladi. Gaz quvurlariga o`zboshimchalik bilan ulanish favqulodda holatlar yuzaga kelishiga sabab bo`lishi mumkin, deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, hodisada 12 kishi jabrlangan bo`lib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atildi.






