AsosiyJinoyat

Toshkentda 14 nafar fuqaroni chet davlatlarga ishga yuborib, ularni turli qiyinchiliklarga duchor qilgan shaxslar faoliyati fosh etildi

'Toshkentda 14 nafar fuqaroni chet davlatlarga ishga yuborib, ularni turli qiyinchiliklarga duchor qilgan shaxslar faoliyati fosh etildi'ning rasmi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yashnobod tumani bo`limi tomonidan fuqaro Q.M. va boshqalarning murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o`tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Darakchiga xabar bermoqda. 

Fuqaro M.A. va S.S.lar oldindan til biriktirib, Q.M. va boshqalarning ishonchiga kirib, ularni Evropa Davlatlariga oyiga 2000-3000 AQSh dollari to`lanadigan ishga yuborish hamda ishchi vizalarini olib berish evaziga jami 5 500 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritganliklari aniqlangan.

Bundan tashqari, S.S. va boshqalar jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2019 yilning noyabr oyida 14 nafar fuqaroni Ukraina Davlatining Kiev shahrida oyiga 500 AQSh dollari oylik to`lanadigan qurilish ishlarida ishlab, keyin Evropa davlatlariga ishga o`tkazib berishga ko`ndirib, shu yo`l bilan ularning ishonchini suiiste`mol qilib, Kievga etib borishi uchun 2019 yilning 29 noyabrida aviachipta olishga erishib, Kievdagi qurilish firmasida ularning pasportini olib qo`yib, 75 kun davomida moddiy jihatdan o`ziga qaram qilgan holda og`ir mehnat sharoitlarida ishlatib, 17 500 AQSh dollari miqdoridagi ish haqlarini bermasdan aldab kelishgan.

Shundan so`ng ushbu fuqarolarni Belorussiya davlatining Gomel shahriga va Rossiya Federasiyasining Moskva shahriga olib borishib, go`yoki shu erdan Evropaga ishchi vizasini olib berishi haqida takror aldashib, ularning mazkur davlatlarda ishsiz yurib, turli qiyinchiliklarga duchor bo`lishiga sababchi bo`lishib, fuqarolarning qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlariga zarar etkazishgan.

Mazkur holatlar yuzasidan fuqarolar M.A., S.S. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi va 135-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

    Boshqa yangiliklar