Avval xabar berganimizdek, Farg`ona shahrida Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo`lib o`tmoqda.
Ushbu yig`ilishda ishtirok etayotgan “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulovga ko`ra, davlat rahbari Farg`ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorovga maslahat berdi va u qanday hokim bo`lishi kerakligi borasida o`rnak bo`la oladigan shaxsni aytdi.
“Bizga maslahat beradigan emas, aravani tortadigan hokim kerak. Qorovullik uchun vazir bo`lmaydi. Men nima uchun Aripovni (bosh vazir Abdulla Aripov - tah.) yonimda olib yuraman, bu odam o`zgarmaydi. Kasbiga munosabati boshqacha, halol odam.
Samarqandda hokim bo`lganimda bitta shu vazir oldimga kelib, muammolarni so`ragan. Boshqa birorta vazir kelmagan. Urgutda telefon yo`q, dedim. O`zi uch kun yurib, masalani hal qildi. Vazir shunday bo`lishi kerak”, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Avvalroq, prezident Farg`ona viloyatining odingi hokimi Shuhrat G`aniev haqida fikr bildirgan edi.






