Toshkentda O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi markaziy kengashining yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Unda Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma`ruzasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo`yicha harakatlar rejasi qabul qilindi.
So`nggi 15 yilda yalpi ichki mahsulotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 1,8 barobar oshib, 2015 yilda bu ko`rsatkich 56,7 foizni tashkil etdi. Bugungi kunda ushbu sohada jami sanoat mahsulotlarining uchdan bir qismi, qishloq xo`jaligi mahsulotlarining 98 foizi ishlab chiqarilmoqda. Ish bilan band jami aholining 77 foizdan ortig`i ushbu tarmoqda mehnat qilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga o`z hissasini qo`shmoqda.
Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov 2015 yilda tadbirkorlik sub`ektlarini qo`llab-quvvatlash borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilganini ta`kidladi. Jumladan, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, mahsulotlar eksportiga ko`maklashish, investisiyalar jalb etish va korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini modernizasiya qilish bo`yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Bugungi kunda Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari qoshida 135 axborot-maslahat markazi, jumladan, 5 o`quv markazi faoliyat yuritmoqda. O`tgan yili ular tomonidan ta`sis hujjatlari, biznes rejalar tayyorlash, buxgalterlik hisobini yuritish, sug`urta qilish va boshqa biznes jarayonlar bo`yicha qariyb 39 ming xizmat ko`rsatildi.
Tadbirkorlik sub`ektlarining qonuniy manfaat va huquqlarini himoya qilishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari qoshida hakamlik sudlari faoliyat yuritmoqda. Hisobot davrida ular tomonidan 1,1 mingdan ortiq ish va da`vo arizasi ko`rib chiqildi.
Savdo-sanoat palatasi va uning tarkibiy bo`linmalari tomonidan jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tadbirkorlar kunlari o`tkazilmoqda. 2015 yilda shunday tadbirlarda mamlakatimizning barcha hududlaridan 100 mingdan ziyod tadbirkorlik sub`ekti ishtirok etdi. Ulardan turli masalalar bo`yicha 17 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning aksariyati joylarda ko`rib chiqildi.
O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi mamlakatimiz tadbirkorlari va xorijlik sheriklar o`rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga ko`maklashganini ta`kidlash joiz. Chunonchi, 2015 yilda xorijiy ishbilarmon doiralar ishtirokida 20 dan ortiq kooperasiya birjasi va biznes-forum tashkil etildi. Shuningdek, 183 tadbirkorning xorijiy davlatlar, jumladan, Germaniya, Italiya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarda o`tkazilgan 49 ko`rgazma va yarmarkada ishtirok etishi ta`minlandi. O`tkazilgan tadbirlar yakuni bo`yicha qariyb 90 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.





