“O`zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan Charm-poyabzal sohasini rivojlantirish va qo`llab-quvvatlash jamg`armasi mablag`lari hisobidan respublika hududlarida va xorijiy davlatlarda mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan charm mahsulotlari savdosiga ixtisoslashtirilgan “Multibrand” do`konlari tashkil etish va uning elektron savdo platformasini yaratiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
2021 yil 8 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Charm-poyabzal va mo`ynachilik sohalarini yanada rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori e`lon qilindi.
Mazkur qaror mamlakatimizda yuqori sifatli charm, poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari, shuningdek, mo`yna va jundan yuqori qo`shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida ishlab chiqilgan. Unga asosan sohada kichik va o`rta biznesni rivojlantirish orqali yangi ish o`rinlarini yaratish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni rag`batlantirish ko`zda tutilgan.
Qarorga muvofiq, Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi tomonidan tegishli tijorat banklari uchun 3 yillik imtiyozli davrni o`z ichiga olgan holda 7 yil muddatgacha, yillik 4 foiz stavkasi shartlarida kredit liniyalari ochiladi. Kreditlar tadbirkorlik sub`ektlariga zamonaviy yangi uskuna va texnologiyalarni xarid qilish uchun 2 yillik imtiyozli davrni o`z ichiga olgan holda 7 yil muddatgacha, yillik 6 foiz stavkasida ajratiladi.
Shuningdek hujjat bilan 2023 yil 1 yanvarga qadar O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo`llaniladigan xomashyo, materiallar va furnituralar ro`yxati tasdiqlanmoqda.
Hujjat asosida “Oybek-avtoyo`l” (Toshkent viloyati) va “Sariosiyo-avtoyo`l” (Surxondaryo viloyati) chegara o`tkazish punktlaridan qo`shni davlat chegarasigacha bo`lgan joylarda eksperiment tariqasida mahalliy tayyor mahsulotlar savdosiga ixtisoslashtirilgan savdo nuqtalarini tashkil etish belgilanmoqda.
“O`zcharmsanoat”, “O`zto`qimachiliksanoat”, “O`zbekipaksanoat”, “O`zeltexsanoat” va boshqa uyushmalari esa tashkil etiladigan savdo nuqtalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning sifatli mahalliy mahsulotlari bilan ta`minlaydi.
Hujjatga muvofiq, “O`zstandart” agentligi:
ikki oy muddatda charm, poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari, jun va mo`ynadan tayyorlangan buyumlarga ularni sinovdan o`tkazish usullariga talablarni belgilovchi standartlar bo`yicha amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o`tkazadi va xalqaro me`yorlarni hisobga olgan holda ularni qayta ko`rib chiqib, amaldagi qonun hujjatlariga tegishli o`zgartirish va qo`shimchalar to`g`risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;
2021 yil 1 martga qadar charm, poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari, jun va mo`ynadan tayyorlangan buyumlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarning ehtiyojidan kelib chiqib, sohaga tegishli bo`lgan sinash bo`yicha xalqaro, mintaqaviy va xorijiy davlatlarning standartlarini asli yozilgan tillarda qabul qilish choralarini ko`radi.