AsosiyJamiyat

MTV: Dasturlashni o`rgatuvchi robotlar O`zbekiston bog`chalariga taqdim etildi

'MTV: Dasturlashni o`rgatuvchi robotlar O`zbekiston bog`chalariga taqdim etildi'ning rasmi

2021 yil 9 fevralda bolalarga robototexnika va dasturlash ko`nikmalarini o`rgatishga mo`ljallangan Albert va Genibot aqlli robotlarini topshirish marosimi bo`lib o`tdi. Koreya Respublikasidan kelgan hamkorlar O`zbekistonning MTTga 275 ta robot va 350 ta o`quv qo`llanmasini sovg`a qildilar. Bu haqda Maktabgacha ta`lim vazirligi xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, tadbir Maktabgacha ta`lim vazirligi, Koreya robot sanoatini rivojlantirish instituti (KIRIA), Koreya o`qituvchilar uyushmasi, shuningdek, FRG Korea, Dazzle Edu, Genie Robot va SK Telecom kompaniyalarining vakillari ishtirokida onlayn tarzda o`tkazildi.

“Dunyo axborot texnologiyalari davriga qadam qo`ydi. Dasturiy ta`minot bilan ishlash, kompyuterlar tilida gapirish va buyruq berish qobiliyati majburiy bo`lib qoldi. Biz bolalarimiz egallagan ko`nikmalar zamon talablariga javob berishini istaymiz”, - dedi MTV huzuridagi Axborot va pedagogik texnologiyalar innovasion markazi direktori Oyatillo Rahmatillaev.

Albert va Genibot robotlari 6 yoshdan katta tarbiyalanuvchilarga mo`ljallangan. Birinchi bosqichda bola tayyor kodlash kartalari yordamida o`yinchoqni harakatlanishga, ko`zini miltiratishga, gapirishga majbur qiladi. Shu tarzda u kod bloklarining qanday ishlashini tushunib oladi. Yoshi kattaroq bolalar robotni smartfonga ulab, o`z buyruqlari va algoritmlarini yaratishlari mumkin.

Robotlarga asoslangan o`qitish dasturi Koreya Respublikasida yaxshi natijalar ko`rsatdi. U erda hukumat ko`magida butun mamlakat bo`ylab mingdan ziyod o`quvchilarni qamrab olgan 140 ta sinf ochildi. Fransiya, Ispaniya, Kosta-Rika va Perudagi maktablar va bolalar bog`chalarida ham shu kabi pilot dasturlari ishga tushirilgan.

«Kelajak robototexnika va avtomatlashtirilgan sanoatga tegishli bo`ladi. Biz O`zbekistonda ushbu taraqqiyotga daxldor ekanligimizdan mamnunmiz hamda Koreya va O`zbekiston nafaqat robototexnika sohasida, balki innovasiya sohasida ham samarali hamkorlik qilishiga umid qilamiz", - dedi KIRIA kompaniyasi prezidenti Chonil Mun.

Albert va Genibot robotlari butun O`zbekiston bo`ylab 53 ta MTTga taqsimlanadi. Joylarda ustozlarni o`qitish va pilot loyihasi natijalarini monitoring qilish ishlari MTV huzuridagi Axborot va pedagogik texnologiyalar innovasion markazi tomonidan olib boriladi.

Agar pilot loyihasi muvaffaqiyatli yakunlansa, O`zbekiston Maktabgacha ta`lim vazirligi yanada ko`p bolalar bog`chalarini aqlli robotlar bilan ta`minlaydi, shuningdek, ularning ish funksiyalarini imkoniyatlari cheklangan bolalarga mo`ljallangan dastur bilan to`ldiradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar