AsosiyJamiyat

Qonun ustuvorligi haqida bong urayotganlardan qonunchilikni hurmat qilishlarini talab qilamiz — Surxondaryolik bloger ishi yuzasidan IIV matbuot kotibi rasmiy murojaat qildi

'Qonun ustuvorligi haqida bong urayotganlardan qonunchilikni hurmat qilishlarini talab qilamiz — Surxondaryolik bloger ishi yuzasidan IIV matbuot kotibi rasmiy murojaat qildi'ning rasmi

So`nggi kunlarda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida yashovchi fuqaro Otabek Sattoriyga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishiga taalluqli ma`lumotlar jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Vaziyat yuzasidan Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Rasmiy murojaat bildirdi.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan O`zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”gi qonuniga muvofiq rasmiy axborot berilganiga qaramasdan, mamlakatimiz va xorijiy ijtimoiy tarmoqlarning faollari tomonidan turli mish-mishlarni tarqatish, davlat idoralarining vakolatlari va harakatlarini shubha ostiga qo`yish, ularni obro`sizlantirishga qaratilgan xabarlarni ko`paytirish, masalaning mohiyatini tushunmasdan turib ommani chalg`itish va boshqa qonunbuzarlik holatlari takrorlanib kelmoqda.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to`g`risida”gi qonuniga muvofiq jamoatchilik nazorati sub`ektlarining davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatiga asossiz aralashuviga va ularga g`ayriqonuniy ta`sir ko`rsatishiga yo`l qo`yilmaydi, shuningdek, O`zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to`g`risida”gi qonuni bilan tergov organlarining materiallarini e`lon qilish, muayyan ish bo`yicha sud qarori chiqmasdan turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo`l bilan ta`sir ko`rsatish qat`iyan taqiqlangan.

Jinoyat prosessi ishtirokchisini qo`lga olish bilan bog`liq harakatlar esa, o`z navbatida, O`zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to`g`risida”gi qonunining 22-moddasi bilan tartibga solinadi.

Ijtimoiy tarmoqlarning faollari tomonidan jinoyat ishi bilan bog`liq tekshirilmagan axborotni jamoatchilikka tarqatish orqali biror-bir maqsadga erishishga harakat qilish, tergov va sud organlarining faoliyatiga nisbatan sun`iy ravishda salbiy munosabat shakllantirish – tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, deb baholanadi va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Tergov va sud organlari o`zining vakolat doirasidagi faoliyatini, jumladan muhokama etilayotgan holat yuzasidan, aybsizlik prezumpsiyasiga to`la rioya etgan holda hamda jamoatchilik oldidagi majburiyatidan kelib chiqib olib boradilar.

Qonun ustuvorligi haqida bong urayotgan ijtimoiy tarmoq faollaridan yurtimiz qonunchiligini hurmat qilishlarini talab qilamiz.

Mavzuga doir:

Surxondaryoda blogerlarga nisbatan hujum boshlangani rostmi?

Surxondaryolik jurnalistning xonadoni IIB xodimlari tomonidan tintuv qilinganligi aytilmoqda

Deputat Bosh prokuraturadan surxondaryolik blogerning jinoyat ishi bo`yicha xolis tekshiruv o`tkazilishini talab qildi

Tovlamachilikda ayblanayotgan surxondaryolik bloger ishi yuzasidan Oliy sud bayonot berdi

    Boshqa yangiliklar