Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyning tovlamachilikda ayblanib qo`lga olinishi bugun ko`pchilik tomonidan muhokama etilmoqda. Har bir fikr mulohazada so`z erkinligiga tahdid bo`layotganliga xavotir sezishingiz mumkin.
Deputat Rasul Kusherbaev esa bundan avval Otabek Sattoriy amaldorlar bosimlaridan shikoyat qilib, undan yordam so`raganini ma`lum qilgan edi.
O`z chiqishida deputat Bosh prokuraturadan sun`iy uyushtirilayotgan jinoyat ishining barcha ishtirokchilariga nisbatan ochiq oshkora, jamoatchilikni xabardor qilgan holda xolis tekshiruv o`tkazilishini talab qilgan edi.
Bosh prokuraturaning bayonotiga ko`ra, Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O.Sattoriyga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov davomida sudning ajrimi bilan O.Sattoriyga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
" - Bugungi kunda tergov organiga 7 ta holat bo`yicha O.Sattoriyning xatti-harakatlari ustidan murojaatlar kelib tushgan bo`lib, hozirda ushbu holatlarga tergov yo`li bilan oydinlik kiritilmoqda.
Jinoyat ishining qo`zg`atilishi qonuniyligi o`rganilganda, viloyat IIB huzuridagi TB tomonidan qonun buzilishi holatlariga yo`l qo`yilganligi aniqlanmadi.
Tergov ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o`rnatilgan.
Ma`lumot tariqasida: O.Sattoriy Jinoyat ishlari bo`yicha Termiz shahar sudi tomonidan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 40 (Tuhmat), 41 (Haqorat qilish), 202-2-modda (Yolg`on axborot tarqatish) lari bilan aybli deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Bunga uning 2021 yil yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda “Denov ko`mir ombori” hamda Termiz shahridagi hayvonot bog`i xodimlari mulklarni o`zlashtirish va boshqa noqonuniy harakatlar sodir etganliklari haqida haqorat va tuhmatlardan iborat yolg`on axborot tarqatganligi sabab bo`lgan", deyiladi Bosh prokuratura xabarida.