O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi bilan hamkorlikda “Oltin qalam” XI Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni o`tkazadi.
Tanlov milliy va xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini keng ommalashtirish, OAV xodimlari fuqarolik pozisiyalarini namoyon etishlari uchun sharoit yaratish hamda jurnalistlarda tanqidiy fikrlashni va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni shakllantirish maqsadida o`tkazib kelinadi.
3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag`ishlangan bu tanlovga 2015 yilning 1 aprelidan 2016 yilning 31 martigacha – bir yil davomida gazeta va jurnallarda chop etilgan, radio orqali efirga uzatilgan hamda televidenieda ko`rsatilgan va internet nashrlarida berilgan materiallar 2016 yilning 10 apreligacha qabul qilinadi.
Tanlov g`oliblari uchun quyidagi mukofotlar ta`sis etilgan:
Jurnalistika sohasida bosh milliy mukofot.
G`olib maxsus diplom, “Oltin qalam” ko`krak nishoni, statuetkasi va O`zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining 200 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Asosiy mukofotlar:
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (televidenie – 1-, 2-, 3-o`rinlar);
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (radio – 1-, 2-, 3-o`rinlar);
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (bosma OAV – 1-, 2-, 3-o`rinlar);
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (internet-jurnalistika – 1-, 2-, 3-o`rinlar).
Birinchi o`rinni olgan g`oliblar diplom, “Oltin qalam” ko`krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 160 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Ikkinchi o`rinni olgan g`oliblar diplom, “Oltin qalam” ko`krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 140 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Uchinchi o`rinni olgan g`oliblar diplom, “Oltin qalam” ko`krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 120 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Rag`batlantiruvchi mukofotlar uchun nominasiyalar:
eng yaxshi fotoreportaj;
eng yaxshi matbuot xizmati.
Mazkur nominasiyalar g`oliblari diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va eng kam ish haqining 50 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
“Oltin qalam” tanlovi g`oliblarini mukofotlash, shuningdek, uni o`tkazish bilan bog`liq sarf-xarajatlar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondining moliyaviy ko`magida amalga oshiriladi.
Shuningdek, qator xalqaro tashkilotlarning O`zbekistondagi vakolatxonalari va respublikamizdagi jamoat tashkilotlari ham o`z rag`batlantiruvchi mukofotlarini ta`sis etgan.
Tanlov shartlari:
Tanlovga tele-, radio-, bosma materiallar hamda internet nashrlarida e`lon qilingan ishlar taqdim etiladi (5 tadan kam bo`lmasligi kerak).
Televidenie bo`yicha videomateriallar, axborot tashuvchi vositaning qanday ko`rinishda bo`lishidan qat`i nazar, 3 daqiqadan 30 daqiqagacha bo`lishi kerak.
Radioeshittirishlar (CD, DVD diskda) 5 daqiqadan 30 daqiqagacha bo`lishi kerak.
Matbuot va internet materiallari asl nusxada yoki ko`chirma nusxada taqdim etilishi lozim.
Tanlovga yuborilgan materiallarga quyidagilar ilova qilinishi lozim:
muallif haqida ma`lumotnoma (ob`ektivka);
muallifning turar joyi, uy va ish telefonlari;
pasport nusxasi.
Tanlov g`oliblarini tantanali mukofotlash marosimi 2016 yil 3 mayda – Jahon matbuoti erkinligi kuni “Turkiston” saroyida o`tkaziladi.
Mukofot bir shaxsga takroran berilmaydi.





