Bugun, 15 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda «tonirovka» narxlari ikki baravarga arzonlashgani haqida xabarlar tarqaldi. IIV YHXBB axborot xizmati buni asossiz xabar deya izohladi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 iyuldagi «Tusi o`zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida»gi 547-son Qarorning 2-bandi, «v» kichik bandiga ko`ra:
«M1, N1 va N2 toifaga oid avtotransport vositalari oynalarining tusini o`zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun to`lov stavkalari:
- orqa yon oynalar bo`yicha jismoniy shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorini, yuridik shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining o`n baravari miqdorini va O`zbekiston Respublikasida faoliyat ko`rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorini;
- orqa va old yon oynalar bo`yicha jismoniy shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorini, yuridik shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorini va O`zbekiston Respublikasida faoliyat ko`rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining sakson baravari miqdorini tashkil etadi» - deya ko`rsatib o`tilgan.
Ushbu Qarorning 2-bandi «g» kichik bandiga ko`ra:
- M2, M3 toifaga oid III klass avtotransport vositalari yon oynalarining tusini o`zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun to`lov stavkalari ularning egalari huquqiy holati inobatga olingan holda ushbu bandning «v» kichik bandi uchinchi xatboshisiga muvofiq belgilanadi – deya ko`rsatib o`tilgan.
Ushbu qaror talablari ayni vaqtda amalda bo`lib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarlar asossiz ma`lumot hisoblanadi.
«Barcha norasmiy sahifalar egalaridan, tasdiqlanmagan, huquqiy asosga ega bo`lmagan ma`lumotlarni tarqatmasliklarini so`rab, asossiz va yolg`on ma`lumot tarqatganlik uchun belgilangan tartibda javobgarlik masalasi ko`rib chiqilishini eslatib o`tamiz», deyiladi xabarda.