Yangi qurilayotgan uy-joy komplekslari orasida quruvchi kompaniyalar hisobidan qo`shimcha maktab ham qurib beriladi. Bu haqda Qurilish vazirligi xabar berdi.
2020 yili Mirzo Ulug`bek tumanidagi Temur Malik va Do`rmon yo`llari kesishmasidagi uy-joy komplekslariga Prezidentimiz tashriflari vaqtida yangi kompleksga maktab zarurligi sababli, quruvchi kompaniya tomonidan davlat maktabi ham qurib beriladigan bo`lgan. Hozirgi kunda esa yangi 990 o`rinli zamonaviy maktab bitmoqda.
Davlat dasturi muhokamasidagi videoselektorda ushbu ijobiy tajribani barcha hududlardagi yangi qurilayotgan uy-joy komplekslariga keng joriy etish bo`yicha Prezidentimiz tomonidan hududlar rahbarlariga qo`shimcha topshiriq berilgan. Ya`ni, har bir yangi quriladigan xonadonga taxminan 1,5 o`quvchi o`rnini hisobini olib, davlat maktabi qurib berish kerak bo`ladi. Shunda tijorat maqsadlarida 1000 ta kvartirali kompleks qurilsa, 1500 o`rinli davlat maktabi ham qurib topshiriladi.