"Darakchi" tahririyatiga Toshkent shahrida yashovchi fuqaro M.Saidkarimovadan murojaat kelib tushdi:
— Sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferensaloqa tizimidan foydalanib ishtirok etish, sud qarorlarini internet tarmog`ida e`lon qilish, ijro hujjatlarini elektron shaklda majburiy ijroga yuborish tizimlari joriy etilgandi. Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish maqsadida Prezidentimizning “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko`ra, fuqarolarning qaysi ovoragarchiliklariga chek qo`yiladi?
Fuqaroning murojaatiga javob olish maqsadida Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Farrux TO`RAXODJAEV bilan bog`landik...
— Qarorga muvofiq, sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichdagi vazifalari sifatida quyidagilar belgilandi:
- Har bir murojaatni ko`rib chiqish jarayonini onlayn kuzatib borilishini ta`minlash, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish;
- sud majlislarida masofadan turib, jumladan, mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish;
- ish bo`yicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyatini yaratish.
Shuningdek, mazkur qaror bilan 2020-2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturiga ko`ra,
- Barcha sudlarda sud majlislarini ish bo`yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish;
- barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali bepul asosda xabardor qilish;
- sud qarorlarini ish bo`yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo`yicha esa qog`oz shaklida taqdim etish;
- sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish, sudlarning axborot-kommunikasiya texnologiyalari infratuzilmasini yanada yaxshilash kabi chora-tadbirlar belgilandi.
Qaror bilan tasdiqlangan, yuqorida ko`rsatib o`tilgan yo`l xaritasi asosida esa:
- muayyan ishni ko`rish jarayonida zarur bo`lgan ma`lumotlar va hujjatlarni fuqarolarni ovora qilmagan holda sudlar tomonidan bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish;
- sudlar tomonidan jarimalarni kamaytirish yoki ularni qo`llamaslik masalalarini ko`rib chiqishda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” va boshqa axborot tizimlarining integrasiyasi orqali fuqaroning mulkiy holati va ijtimoiy ahvoli haqidagi ishonchli ma`lumotlar bilan tanishish;
- sudlar tomonidan aliment miqdorini belgilashda tumanlar kesimida o`rtacha oylik ish haqlari to`g`risida ma`lumotlarni axborot tizimi orqali elektron shaklda olish kabi vazifalar belgilandi.
Endilikda Oliy sud axborot tizimi bilan davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini integrasiya qilish orqali jismoniy va yuridik shaxslar haqidagi mavjud ma`lumotlar sudlarning elektron so`rovi bo`yicha bepul asosda taqdim etiladi.
Sadoqat ALLABERGANOVA