AsosiyJamiyat

24-27 fevral kunlari kutilayotgan sovuq siklonda qishloq xo`jaligi ekinlari va daraxtlarni saqlash bo`yicha tavsiyalar berildi

'24-27 fevral kunlari kutilayotgan sovuq siklonda qishloq xo`jaligi ekinlari va daraxtlarni saqlash bo`yicha tavsiyalar berildi'ning rasmi

25-27 fevralda kutilayotgan sovuq mevali daraxtlarning yozilgan kurtaklari va gullariga zarar etkazishi haqida xabar bergan edik. 
Bugun, 23 fevral kuni AOKAda o`tkazilgan brifingda Qishloq xo`jaligi vazirligi matbuot kotibi Nigora Xo`jaeva sovuq siklonda qishloq xo`jaligi ekinlari va daraxtlarni saqlash bo`yicha tavsiyalar berdi.

Ob-havoning keskin o`zgarishi sharoitida mevali bog` va uzumzorlar, ertaki kartoshka va sabzavot ekinlarini saqlab qolish maqsadida quyidagi tadbirlarni zudlik bilan amalga oshirish tavsiya etiladi:

  • ️mevali bog` va uzumzorlarning qator oralaridan sug`orish ariqlari olinib, iloji boricha kam miqdorda suv oqizish;
  • ️mevali bog` va uzumzorlar qator oralariga mahalliy o`g`it aralash hashak, paxol, shox-shabbalar uyumlarini to`plab, ularni tutatish. Buning uchun mevali bog` va uzumzorlarga bir tekisda eni 1,25-1,5 m hamda balandligi 0,5-0,75 m dan to`p-to`p qilib uyib qo`yish;
  • ️daraxtlarning yoshi va qalin siyrakligiga qarab har bir gektar maydonga 100-200 ta uyum hosil qilish. Tutun bog` ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlarni mevali bog` va uzumzorlarning shamol esadigan tomoniga qo`yish hamda havo xaroratini kuzatib borish;
  • ️havo ochiq bo`lib, harorat +1°S ga tushishi bilan uyumlarni tutatish. Bunda uyumlarning alangalanmay, tutab yonishiga alohida ahamiyat berish lozim. Sovuq takrorlanishini hisobga olib, uyumlar oralatib tutatish. Agar sovuq bo`lmasa uyumlardan o`g`it sifatida foydalanish;
  • ️ertaki muddatlarda ekilgan kartoshka nihollari erdan unib chiqqan bo`lsa, sharoitga qarab, egat ustini polietilen plyonka bilan yopish yoki yopishning iloji bo`lmagan maydonlarda kechki suv qo`yishni tashkil etish va maydonning atrofiga go`ng aralash xashak, paxol va shox-shabbalar uyumlarini to`plash hamda ularni tutatish;
  • ️isitilmaydigan ko`chatxonalarda etishtirilayotgan sabzavot va poliz ekinlari ko`chatlarini sovuqdan asrashning muhim tadbirlaridan biri dugalar o`rnatish, ustini polietilen plyonkasi bilan yopish, vaqtinchalik isitish moslamalaridan foydalanish hamda atrofiga go`ng aralash xashak, paxol va shox-shabbalar uyumlarini to`plab, ularni tutatish;
  • ️issiqsevar sabzavot ekinlaridan pomidor, shirin qalampir va baqlajon ko`chatlarini parnikda tayyorlashni hamda  bodring va poliz ekinlari urug`larini ekishni vaqtinchalik to`xtatib turish;

️Sovuqqa chidamli sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, osh lavlagi, karam va ko`kat sabzavotlar kabi ekinlarga sovuq -2-3°S sezilarli ta`sir etmaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar