Transport vaziri o`rinbosari Jasurbek Choriev hamda Airbus International kompaniyasining Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo`yicha vise prezidenti Jak Garrig o`rtasida bo`lib o`tgan muzokaralarda fransuz kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalarining hozirgi holati va istiqbolli rejalar muhokama etildi.
Xususan, Airbus Helicopters kompaniyasidan vertolyotlar sotib olish, ushbu havo transport turida qatnovlarni yo`lga qo`yish orqali mazkur yo`nalishda Markaziy Osiyo mintaqasi bozorida etakchi ishtirokchiga aylanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Ushbu yo`nalishni rivojlantirishda xorijiy davlatlarning vertolyotlar ekspluatasiyasi va uchuvchilar uchun treninglar o`tkazish bo`yicha tajribalarini o`rganish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Airbus International kompaniyasi vakillari aeroportlarni boshqarish sohasida ham hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish yuzasidan o`z takliflarini bildirishdi. Uchrashuv davomida fransuz tomoni joriy yilning may oyida Fransiya savdo vazirining O`zbekistonga tashrifi rejalashtirilayotganini ma`lum qildi.
Uchrashuv yakunlari bo`yicha tomonlar muzokaralarda ko`tarilgan masalalar yuzasidan ma`lumotlar almashish va istiqbolda hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib olishdi.