Toshkent shahar hududiga sovuq va nam havo oqimi kirib kelmoqda. Shu munosabat bilan shahar va tuman hokimliklari, kommunal xizmat ko`rsatish korxonalari tomonidan sovuq kunlarni betalofat o`tkazish bo`yicha kunu tun faoliyat olib boradigan navbatchilik ish jadvali tashkil etildi. Bu haqda shahar hokimligi Axborot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, havo o`zgarishi bilan bog`liq ko`ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida:
- avariya-tiklash xizmatlari navbatchiligi kuchaytirildi, maxsus texnika va asbob-anjomlar shay holatga keltirilgan;
- Shayxontohur tumani “Paxtakor” markaziy stadioni hududida mexanizasiya ishlari yig`ma komandasi tashkil etildi;
- kuchli yog`ingarchilik va havoning sovib ketishi oqibatida avtomobil yo`llarida tirbandliklar hosil bo`lishi hamda yo`l-transport hodisalarning oldini olish, shuningdek, yo`llar va ko`p qavatli uylar atrofidagi daraxt va daraxt shoxlarini sinib ketishi bilan bog`liq holatlarning oldini olish maqsadida maxsus texnikalar va xodimlar hozirlandi;
- markaziy va ichki yo`llar va yo`l o`tkazgichlarning muzlashini oldini olish maqsadida etarli qum va tuz zaxirasi shakllantirildi.
"Ob-havoning keskin o`zgarishi natijasida sodir bo`lgan noxush hodisalar va favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda zudlik bilan Toshkent shahar hokimligining 1055 va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 1050, (71) 212-69-82 va (71) 212-69-84 telefonlariga ma`lumot berishingizni so`raymiz",–deyiladi hokimlik axborotida.