Xalq ta`limi vazirligi havoning keskin sovishi sababli har bir tuman (shahar)da tashkil etilgan Ekspluatasiya xizmatlariga zudlik bilan barcha maktablarni issiqlik bilan ta`minlanganligi, isitish qozoni va qozonxonalarining sozlik holati, maktab sinfxonalarni haroratini tekshirib chiqib, mavjud muammolarni joyida tezkor hal etish choralarini ko`rish topshirildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
"Fuqarolardan maktabdagi qoniqarsiz issiqlik tizimi haqidagi ma`lumotni Xalq ta`limi vazirligining hududlardagi shtablariga mazkur havoladagi raqamlar orqali hamda Xalq ta`lim vazirligining @maktab_uzedubot boti orqali murojaat qilishlari mumkin.
Bugungi kunda Ekspluatasiya xizmati tasarrufidagi umumta`lim muassasalari sonidan kelib chiqib jami 352 ta “Damas” rusumli avtotransport vositalari ajratilgan. Xizmatlar kerakli ish qurollari, asbob-uskunalari (elektr va gaz payvandlagichlar, kesish va duradgorlik moslamalari, santexnika va elektr uskunalari) bilan ta`minlangan.
Ushbu xizmat faoliyatidagi har bir avtotransport vositalari harakat yo`nalishiga baho berish va ulardan samarali foydalanishni doimiy nazorat qilib borish maqsadida ularga GPS-treker uskunasi o`rnatilib, ularning harakati viloyat boshqarmalari va vazirlikning Qurilish boshqarmasi tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi" deyiladi xabarda.
Ma`lumot uchun: Ekspluatasiya xizmati umumta`lim muassasalarining bino-inshootlarini zarur holatda saqlash, ularga doimiy xizmat ko`rsatish, bino-inshootlar, sinfxonalar, isitish qozoni va qozonxonalarini ta`mirlash, elektr tizimidagi nosozliklarni bartaraf etish ishlarini amalga oshiradi.