Markaziy bank pullar qanday hollarda to`lovga yaroqsiz hisoblanishi to`g`risida batafsil ma`lumot berdi.
Markaziy bankning Adliya vazirligida 2008 yil 27 iyunda 1831-son bilan ro`yxatga olingan “Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, inkassasiya va qimmatliklarni tashishga doir yo`riqnoma”da «so`m»ning to`lovga yaroqlilik belgilarni aniqlash qoidalari belgilangan.
Xo`jalik yurituvchi sub`ektlar quyidagi banknotlarni moneliksiz to`lovga qabul qilishlari va tushum puli sifatida banklarga topshirishlari lozim:
a) har qanday qismida teshik yoki yirtilishlar, siyqalanishlar, dog`lar, qalam, siyoh va flomaster bilan yozilgan yozuvlari mavjud bo`lgan pullar;
b) yirtilgan va elimlangan pullar, agar pulning ikkala qismi shak-shubhasiz bitta banknotga tegishli bo`lsa;
v) bo`yoq moddalari va kislota to`kilgan, tabiiy rangi o`zgargan, kuygan, bo`yalgan yoki chizilgan pullar;
g) shikastlanish turi va joylashishidan qat`i nazar, banknot to`liq hajmining 55 foizidan kam bo`lmagan qismi saqlanib qolingan pullar. Shikastlanish turidan qati nazar (shakli buzilgan, pachoqlangan, siyqalangan, teshilgan, qirqilgan, sindirilgan, ishqorga solingan, biror bir metall bilan payvandlangan, olovda eritilgan, ko`karib va qorayib ketgan) o`zining to`la hajmini va old tarafidagi qiymati tasvirini saqlab qolgan hamda haqiqiyligiga shubha tug`dirmaydigan metall tangalar to`lovga yaroqli hisoblanadi.
Shikastlangan pullar “eskirgan” pullar toifasiga kiritilib banklar tomonidan ular shu qiymatdagi to`lovga yaroqli pullarga almashtirib beriladi.





