Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti ma`lum qildi.
Eslatib o`tamiz, curxondaryolik bloger Otabek Sattoriyga nisbatan tovlamachilik qilganlikda ayblanib, jinoyat ishi qo`zg`atilgan va gumon qilinuvchi tariqasida ushlangani haqida xabar qilgandik.
Jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo`lgan ushbu tergov harakatlari yakunlanganligi xabar qilindi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan ta`kidlanishicha, Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan bloger Otabek Sattoriyga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishini tergov qilish jarayonida quyidagilar aniqlangan:
Otabek Sattoriy 2020 yilning iyun oyidan 2021 yilning yanvar oyiga qadar bo`lgan vaqt oralig`ida, fuqarolarning sir saqlanishi lozim bo`lgan ma`lumotlarini oshkor qilish bilan qo`rqitib o`zgadan mulkini, mulkiy huquqini topshirishini, mulkiy manfaatlar berishini, mulkiy yo`sindagi harakatlar sodir etishini talab qilib, jabrlanuvchini o`z mulki yoki mulkka bo`lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo`yish hamda nashr qilish yoki boshqacha usulda ko`paytirilgan tarzda, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog`i (“Telegramm”, “Facebook”, “YouTube”) da joylashtirish orqali tuhmat qilish, haqorat qilish kabi jinoyatlarni fuqaro Isroil X., Mastona A., Nasiba N., To`xtamish K., O`tkir T., Ashur X., Zokirjon X., Lochin T.,larga nisbatan sodir qilib, ushbu fuqarolarning ayrimlaridan moddiy manfaat ko`rib kelganligi ma`lum bo`lgan.
Olib borilgan tergov harakatlari natijasiga ko`ra, Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 2021 yilning 24 fevral kuni Sattoriy Otabek Abdumanonzodaga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a”,“b” bandlari va 3-qismi “a” bandi (Tovlamachilik), 139-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari (Tuhmat) hamda 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (Haqorat qilish) bilan avvalgi ayblov to`ldirilib, shu kuni dastlabki tergov tamomlangan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudlovga oshirish uchun Surxondaryo viloyat prokuraturasiga yuborilgan.
Mavzuga oid:
Tovlamachilikda ayblanayotgan surxondaryolik bloger ishi yuzasidan Oliy sud bayonot berdi
Bosh prokuratura bloger Otabek Sattoriy ishi bo`yicha qonun buzilmaganini ma`lum qildi