8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan "O`zbekkino" Milliy agentligi bir qator premera va bepul namoyishlarni rejalashtirgan. Bu haqda agentlik Axborot xizmati xabar berdi.
Xususan, O`zbekiston va Tatariston kinoijodkorlari hamkorligida Rashid Malikov va Ilfat Kamaliev tomonidan suratga olingan "Sumbul" filmi 6 mart kunidan boshlab katta ekranlarda namoyish etiladi. Filmni 7-9 mart kunlari kinoteatrlarda yurtimiz xotin-qizlari bepul tomosha qilishlari mumkin.
8 mart kuni rejissyor Ayub Shahobiddinov tomonidan suratga olingan "Rangsiz tushlar" filmining yurtimiz telekanallarida milliy televizion premerasi o`tkaziladi. Film bir qator nufuzli xalqaro kinofestivallarda ishtirok etgan. Bangladeshda o`tkazilgan festivalda "Eng yaxshi ssenariy" nominasiya bo`yicha g`olib bo`lgan.
Shuningdek, bayram kunlari so`nggi 10 yillikda “O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan 10dan ortiq filmlarning televizion namoyishi ham bo`ladi. Ular qatoridan “Parizod”, “Kechikkan hayot”, “Opa”, “Sarvqomat dilbarim”, “Issiq non”, “Said bilan Saida”, “Tengiz” kabi badiiy filmlar va “Oksana Chusovitina”, “Lola Murodova” kabi hujjatli filmlar ham o`rin olgan.
Bundan tashqari, Rossiya davlat film fondidan noyob negativlari qaytarilgan "Kelinlar qo`zg`oloni" filmining ham ilk televizion namoyishi bo`lib o`tadi.
5-11 mart kunlari esa Agentlik bilan hamkorlikda Yoshlar ijod saroyida taniqli o`zbek rassomi, akademik, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan san`at arbobi Baxtiyor Nazarovning ayollarga bag`ishlangan "Ayol madhiyasi" nomli ko`rgazmasi o`tkaziladi.