“Top dizayner” ko`rsatuvi va nihoyat uchinchi mavsumning birinchi ko`rsatuvini tasvirga olish ishlarini boshlab yubordi. 70 ta ishtirokchidan saralab olingan dizaynerlarga birinchi shartlar e`lon qilindi. Ular Zahiriddin Muhammad Bobur va Alisher Navoyilarning tavallud ayomiga bag`ishlab milliy va mumtoz ko`rinishlarga mos liboslarda namoyish bo`lishlari lozim.
Ishtirokchi dizaynerlar yaratgan obrazni esa Dilso`z, Farrux Raimov, Muqaddas Sa`dullaeva, Shodiyora Omonova, Rasulxon Qodirxonov, Jamila G`afurova, Kaniza, Feruza Normatova, Ruxshona kabi san`atkorlar gavdalantiradi.
Ko`rsatuvning uchinchi mavsumining ilk soni suratga olingan kuni juda ham ko`p kutilmagan voqealar bo`lib o`tdi. Masalan, dizaynerlardan biri ko`rsatuvning tasvirga olish ishlari bunchalik jiddiy va uzoq davom etishini bilmagan shekilli, hammani ajablantirib loyihani tark etishga ruxsat so`radi. “Ochig`ini aytsam bunday vaziyatga ilk bor duch kelishimiz. Shu kungacha biror bir ishtirokchi ko`rsatuvning qiyinchiliklaridan qochmagandi. Ammo dizaynerni tushunishga harakat qilib unga o`ylab ko`rish uchun vaqt berdik. Chunki u bizning eng yosh ishtirokchimiz. Balki uni vahima bosgandir... Ko`p o`tmay ishtirokchi-dizayner o`zini qo`lga olib, qarorini o`zgartirdi”, — deydi muallif va boshlovchi Zaynabbegim Yunusova. Ko`rsatuv ijodkorlari dizaynerning kelajakdagi faoliyatiga ta`sir etmasin degan istihola bilan uning ismini oshkor etmaslikka qaror qilishdi.





