AsosiyJamiyat

Transportlarga texnik ko`rikdan o`tganligi to`g`risidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilinadi

'Transportlarga texnik ko`rikdan o`tganligi to`g`risidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilinadi'ning rasmi

“Transport vositalarini majburiy texnik ko`rikdan o`tkazish tartibini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Hukumat qarori  qabul qilindi.

Qarorga ko`ra, transport vositalarini Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmati bo`linmalarida majburiy texnik ko`rikdan o`tkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalanish tartibi joriy etiladi.

2021 yil 1 sentyabrdan jismoniy shaxslarga tegishli M1 toifadagi avtotransportlarni tadbirkorlar – yuridik shaxslar tomonidan majburiy texnik ko`rikdan o`tkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalaniladi.

2021 yil 1 iyulga qadar avtotransportlarni majburiy texnik ko`rikdan o`tkazish faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlarga Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmatining “Texnik ko`rik” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kirish imkoniyati yaratiladi.

2021 yil 1 sentyabrdan xorijiy davlatlarga chiqadigan transportlardan tashqari barcha transportlarga texnik ko`rikdan o`tganligi to`g`risidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilinadi.

Qarorga bilan shuningdek, Transport vositalarini majburiy texnik ko`rikdan o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko`ra, transportlar quyidagi davriylikka muvofiq texnik ko`rikdan o`tkazilishi kerak:

  • tijorat asosida yo`lovchilar tashuvchi engil avtomobillar, avtobuslar, trolleybuslar, tramvaylar va o`rindiqlar soni 8 ta va undan ortiq bo`lgan (haydovchining o`rnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, og`ir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transportlar va ularning tirkamalari – bir yilda ikki marta;
  • ishlab chiqarilganiga 6 yildan ko`p bo`lmagan transportlar – ikki yilda bir marta;
  • ishlab chiqarilganiga 6 yildan ortiq bo`lgan, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniq bo`lmagan transportlar – bir yilda bir marta;
  • tirkamalar texnik ko`rikka transport vositasi – shatakchi uchun belgilangan muddatlarda;
  • navbatdagi texnik ko`rikdan o`tkazishning ilgari o`rnatilgan muddatlaridan qat`i nazar, ularni DYHXX organlarida ro`yxatdan o`tkazish (qayta ro`yxatdan o`tkazish) vaqtida.

Yangi transportlar DYHXX organlarida ro`yxatdan o`tkazishda texnik ko`rikdan o`tkazilmaydi.

Boshqa yangiliklar