AsosiyJamiyat

Taksichilik qilish uchun lisenziyani qaerdan va qanchaga olsa bo`ladi?

Toshkent shahrida 15 fevraldan lisenziyasiz taksichilar faoliyatiga chek qo`yish maqsadida Ichki ishlar boshqarmasi, Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Davlat soliq qo`mitasi va “Toshshahartransxizmat” xodimlaridan iborat 47 guruh boshlagani haqida xabar bergan edik.

“Daryo” nashri lisenziya olish bilan bog`liq savollarga javob olish uchun O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan bog`landi. 

Lisenziyasiz taksichilarni tutib olishsa, nima bo`ladi?

Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 176-3-moddasiga muvofiq, yo`lovchi tashish faoliyati bilan lisenziyasiz shug`ullanayotganlar eng kam ish haqining 20 dan 100 baravarigacha (16 fevral holatiga ko`ra, 2,6 million so`mdan 13 million so`mgacha), yuridik shaxslar esa 50 baravaridan 150 baravarigacha (16 fevral holatiga ko`ra, 6,51 million so`mdan 19,53 million so`mgacha) miqdorda jarimaga tortiladi. Agar bu holat takrorlansa, Jinoyat kodeksining 190-moddasi bo`yicha eng kam ish haqining 25 baravaridan 75 baravarigacha (16 fevral holatiga ko`ra, 3,25 million so`mdan 9,76 million so`mgacha) miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquq (masalan, haydovchilik guvohnomasi)dan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha muddatga axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Lisenziya kimlarga beriladi?

Shaharda va shahar atrofida yuk tashiydigan taksi faoliyati bilan shug`ullanish istagida bo`lgan, masalan, «Gazel» yuk mashinasi bor kishi Toshkent shahar hokimligining Yo`lovchilar tashish transportining barcha turlari harakatini lisenziyalash va muvofiqlashtirish departamentiga pasport, haydovchilik guvohnomasi va yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnoma nusxasi bilan borib, yuk ko`tarish quvvatiga qarab 50 dollardan 100 dollargacha bo`lgan bojni (Markaziy bankning to`lov kunidagi kursi bo`yicha, albatta) to`lasa bo`ldi — besh yil amal qiladigan lisenziya tayyor. Biroq bu, yana qayd etamiz, yuk tashiydigan taksi uchun.

O`z Matiz’i yoki Nexia’sida yo`lovchi tashimoqchi bo`lganlarning ishi biroz murakkab. O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi ma`lumotlariga ko`ra, yo`lovchi tashishga mo`ljallangan yo`nalishsiz taksi faoliyati bilan shug`ullanmoqchi bo`lgan haydovchi birorta taksi korxonasi (yuridik shaxs)ga murojaat qilib, o`z avtomobilini shartnoma asosida (notarius orqali) shu korxonaga ijaraga berishi kerak. Shundan so`ng avtomobil taksilar uchun xos yagona tanish belgilari bilan to`liq jihozlanadi.

Yo`nalishsiz taksining yagona tanish belgilari nima?

O`zbekiston hukumatining «Yo`nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga muvofiq, yagona tanish belgilari ikkiga — tashqi va ichki ma`lumot beruvchilarga bo`linadi. Tashqi ma`lumot beruvchi belgilar quyidagilarni o`z ichiga oladi:

  • mashinaning tepasiga o`rnatilgan to`q sariq rangli fonarga TAXI tanish belgisini o`rnatish;
  • shaxmat tartibida joylashtirilgan qora kvadratlardan iborat bo`lgan kompozisiya va mashinaning oldingi eshiklaridagi «T» harflari;
  • mashinaning oldingi eshiklaridagi taksi korxonasi (yuridik shaxs)ning nomi;
  • yo`nalishsiz taksilar uchun mo`ljallangan maxsus seriyadagi davlat raqami belgisi;
  • faqat Toshkent shahri uchun — mashinaning «fil suyagi» rangiga bo`yalishi (boshqa barcha joyda avtomobil sariq rangga bo`yaladi).

Ichki ma`lumot belgilariga esa quyidagilar kiradi:

  • old oynaning yuqoridagi o`ng burchagiga joylashtirilgan yashil rangli chiroq;
  • mashinaning davlat raqami belgisi, haydovchining familiyasi, ismi, otasining ismi va fotosurati, ish vaqtining boshlanishi va tugashi, yo`lkira qiymati (so`mda), taksi korxonasining manzili va telefon raqami, lisenziya kartochkasining raqami va amal qilish muddati to`g`risidagi ma`lumotlar, shuningdek, majburiy sug`urta qilinganlik haqidagi ma`lumot ko`rsatilgan ma`lumotlar tablichkasi;
  • hisoblagich (taksometr);
  • belgilangan tartibda sotib olinadigan va foydalaniladigan radioaloqa vositasi.

Lisenziya uchun necha pul to`lanishi kerak?

Taksi korxonasi besh yil muddatga lisenziya oladi (atigi bitta eng kam ish haqi miqdorida pul to`lab). Lekin o`zi ijaraga olgan (yoki ijaraga bergan) har bir avtomobil uchun bir yilga — agar mashinadagi o`rinlar soni to`rttagacha bo`lsa — 75 AQSh dollari, agar to`rt o`rindan ko`p bo`lsa — 125 dollardan boj to`laydi (Markaziy bankning to`lov kunidagi kursi bo`yicha). Vazirlar Mahkamasining «Avtomobil transportida yo`lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo`nalishlar bo`yicha tashish faoliyatini lisenziyalash to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroriga ko`ra, taksi korxonasidagi bitta avtomobil — bitta lisenziya kartochkasi, degani.

Lisenziya kartochkasi?! U nima?

Lisenziya bilan birga har bir avtotransport vositasiga lisenziya kartochkasi beriladi — taksi korxonasining har bir avtomobilida lisenziya kartochkasi bo`lishi shart. Haydovchining lisenziya kartochkasi bilan ta`minlanmagan avtomobildan foydalangan holda olgan daromadi (foydasi) noqonuniy hisoblanadi.

Lisenziya va lisenziya kartochkasi necha kunda beriladi?

Taksi korxonasiga lisenziya berish haqidagi qaror Toshkent shahar hokimligining Yo`lovchilar tashish transportining barcha turlari harakatini lisenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti tomonidan, ariza berilganidan keyingi 15 kun ichida qabul qilinishi kerak. Qaror qabul qilinganidan keyin 3 kun ichida taksi korxonasi xabardor qilinadi. Agar hammasi ko`ngildagidek bo`lsa, navbatdagi uch oy ichida lisenziya shartnomasi imzolanadi, taksi korxonasiga lisenziya hamda lisenziya kartochkalari taqdim etiladi (lisenziya olguncha bo`lgan munosabatlar sxemasini bu erda tomosha qilish mumkin). Agar taksi korxonasi yangi mashinalarni sotib olsa yoki ijaraga olsa, yana 75 (yoki 125) dollar to`lab (esdan chiqmasin, Markaziy bankning to`lov kunidagi kursi bo`yicha), qo`shimcha lisenziya kartochkasini oladi.

    Boshqa yangiliklar