AsosiyJamiyat

AKADEMIK SAID ShERMUHAMEDOV VAFOT ETDI

O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, falsafa fanlari doktori Said Shermuhamedov 2016 yil 16 fevral kuni 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

S.Shermuhamedov 1930 yil 12 mayda Buxoro viloyatining Qorako`l tumanida tug`ildi. 1948-1953 yillarda Samarqand davlat universitetida ta`lim oldi. O`qishni tugatib, ushbu universitet aspiranturasida tahsilni davom ettirdi. Falsafa fanining dolzarb masalalari bo`yicha 1960 yilda nomzodlik, 1974 yilda doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. 1994 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a`zosi etib saylandi.

Taniqli olim o`zining 60 yildan ortiq mehnat faoliyati davomida O`zbekiston Fanlar akademiyasining falsafa va huquq instituti ilmiy xodimi, ilmiy kotibi, direktor o`rinbosari, respublika maorif vaziri, Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, O`zbekiston Milliy universitetining kafedra mudiri kabi mas`uliyatli lavozimlarda samarali xizmat qildi va yurtimizda falsafa faniga doir masalalarni ilmiy tadqiq etish, ijtimoiy-gumanitar fanlar yo`nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishida faollik ko`rsatdi.

S.Shermuhamedovning falsafa fanining nazariy va amaliy masalalariga bag`ishlangan monografiyalari, ko`plab risola va maqolalari ilmiy jamoatchilikka yaxshi ma`lum.

Talabchan va jonkuyar ustoz sifatida ko`plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning rahbarligida o`nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.

    Boshqa yangiliklar