Avval xabar berganimizdek, bugun Sog`liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan AOKAda "O`zbekistonda koronavirus bilan bog`liq vaziyat, vaksinasiya jarayonlariga tayyorgarlik" mavzusida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Unda Sog`liqni saqlash vazirligi o`rinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliev O`zbekistonda koronavirus bilan bog`liq vaziyat, vaksinasiya jarayonlariga tayyorgarlik haqida gapirdi.
— Har bir vaksina tegishli 3 bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli o`tganidan so`nggina qo`llashga tavsiya etiladi. AstraZeneca/Oxford vaksinasi ham tegishli sinovlardan o`tgan va JSST ham uni favqulodda qo`llash bo`yicha tavsiya qilgan.
Biz bir vaksinani ma`qullab, boshqasini rad etish fikridan yiroqmiz.
Xabaringiz bor, biz faqat AstraZeneca/Oxford vaksinasinigina emas, boshqa vaksinalardan ham foydalanishni rejalashtirganmiz. “Sputnik V” vaksinasidan 1 million doza olib kelish to`g`risida muzokaralar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, O`zbekiston va Xitoy hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinamiz ham bor.
Shuningdek, Xitoy vaksinasini olib kelish bo`yicha ham muzokara olib borilmoqda.
Biz fuqarolarimizni biror vaksinani olishga majburlamaymiz. Ular istagan vaksinasi bilan emlanishi mumkin.






