O`zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg`armasi Markaziy kengashi raisi Erkin Boqiboev 82 yoshida vafot etdi.
E.Boqiboev 1934 yilda Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tug`ildi. 1957 yilda Toshkent moliya-iqtisod institutini (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) tamomladi. U Xalq bankining Farg`ona viloyati Oltiariq tumani bo`limida iqtisodchi bo`lib ish boshladi. Keyinchalik bo`lim boshqaruvchisi, bankning Sirdaryo viloyati boshqaruvchisi o`rinbosari, «O`zagrosanoatbank» boshqaruvi raisi, Markaziy bank raisi, moliya vaziri singari mas`ul lavozimlarda samarali mehnat qildi. 1999 yildan umrining oxirigacha «Nuroniy» jamg`armasining Markaziy kengashi raisi sifatida faoliyat ko`rsatdi.
E.Boqiboev o`zining qariyb 60 yillik ish faoliyati davomida respublikamizda bank-moliya sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo`shdi. «Nuroniy» jamg`armasidagi faoliyati davomida mamlakatimizda urush va mehnat faxriylarini har tomonlama qo`llab-quvvatlash, yoshlarimizni ona Vatanga, xalqimizga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, bu borada keksa avlod vakillarining faol ishtirokini ta`minlashda o`zining tashabbuskorlik va tashkilotchilik fazilatlarini namoyon etdi.
E.Boqiboevning ko`p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan iqtisodchi faxriy unvoni, «Do`stlik», «El-yurt hurmati», «Mehnat shuhrati» ordenlari bilan mukofotlangan edi.
Mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Erkin Boqiboevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Bir guruh do`stlari





